Feodosiya portida raketa zarbasidan tufayli chiqqan yong‘in va keyin ro‘y bergan kuchli portlashning turli rakurslardan olingan videolari seshanbaga o‘tar kechasi mahalliy aholi vakillari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan. Ko‘p o‘tmay zarba faktini okkupatsiya hukumati rahbari Sergey Aksenov ham o‘z telegram-kanalida tasdiqladi.

«Port hududi o‘rab olindi. Ayni damda portlash to‘xtagan, yong‘in o‘chirilmoqda. Voqea joyida barcha tegishli xizmatlar ishlamoqda. Bir qancha uylar aholisi ko‘chiriladi», – deya yozdi u.

Keyinroq esa Ukraina havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchuk Feodosiya portida «Novocherkassk» yirik desant kemasi aniq nishonga olingani haqida xabar berdi. Shu bilan birga, general-leytenant Oleshchuk ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa postida bu amaliyot uchun uchuvchilarga va «boshqa barcha aloqador shaxslar»ga minnatdorchilik bildirgan.

Tvitterda ochiq razvedka ma’lumotlari bilan ishlovchi Tatarigami_UA sahifasi muallifi Feodosiyaning 24 dekabr kungi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini solishtirib ko‘rgan va mazkur tipdagi desant kemasi – «proyekt 775» desant kemaning joylashuvi tungi portlash hududiga mos kelishini tasdiqlagan.

Seshanba tongida Ukraina havo kuchlari zarba qanotli raketalar bilan yo‘llanganini ma’lum qildi – aynan qaysi tipdagi raketadan foydalanilganiga aniqlik kiritilmadi.

Ukraina aviatsiyasi bungacha Qrimdagi nishonlarga britanlarning Storm Shadow qanotli raketalari va ularning samolyotdan uchirilgan muqobil variantlari bilan zarbalar yo‘llagandi. Katta ehtimol bilan, bu safargi hujumda ham aynan shunday raketalar qo‘llangan.

«Agar archamiz ostida yangi sovg‘alar ham paydo bo‘lmagan bo‘lsa», — deya fikr bildirgan ukrainalik sharhlovchilardan biri ijtimoiy tarmoqda. Urush davomida Ukraina va uning ittifoqchilari yangi turdagi qurollar yetkazib berilgani haqida ular qo‘llab bo‘linganidan keyin xabar berishi bir necha bor kuzatilgandi.

RF mudofaa vazirligi ham Feodosiyada «Novocherkassk» yirik desant kemasi Ukraina qurolli kuchlarining aviatsiya zarbalarini qaytarish chog‘ida shikastlanganini tasdiqlagan. Shu bilan birga, havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrainlarning raketa uchirgan ikkita Su-24 samolyoti yo‘q qilinganini bildirgan.