Jahon | 14:03 / 26.12.2023
20585
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Maryinka xarobalari egallanganini e’lon qildi. Bu shahar qanday ahamiyatga ega?

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu dushanba kuni prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda Donetskdan yaqinidagi Maryinka shahri Rossiya qo‘shinlarining to‘liq nazoratiga o‘tgani to‘g‘risida hisob berdi. Ukraina rasman bu ma’lumotni inkor qilib chiqdi, ammo bosh shtab har kunlik hisobotlarida bu hududdagi vaziyatga to‘xtalishni to‘xtatgan.

Foto: Reuters

Rossiya davlat agentliklari tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Shoygu Rossiya qo‘shini Maryinkani egallash orqali, «[Ukraina qurolli kuchlari] artilleriyasini Donetskdan ancha uzoqlashtirgan […], va bu bugungi kunda Donetskni zarbalardan samaraliroq himoya qilish imkonini beradi».

Donetskdan bir necha kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Maryinka shahri 2014 yilda, Rossiya va Donbassdagi ayirmachilar bilan urush boshlangan chog‘dayoq ukrainlarning harbiy harakatlar hududidagi mustahkam istehkomiga aylangandi.

Ukrainalik harbiylar raqib ularni Maryinkadan butkul siqib chiqargani to‘g‘risidagi ma’lumotini rad etdi.

«Maryinka uchun janglar davom etmoqda. Hozirda bizning harbiy xizmatchilar Maryinkaning ma’muriy chegaralarida bo‘lib turibdi», — degan ukrain kanallarining telemarafon efirida Tavr yo‘nalishi mudofaa kuchlari birlashgan matbuot markazi press-attashesi Oleksandr Shtupun.

«Shahar to‘liq yakson etilgan. Ammo Maryinka to‘liq ishg‘ol etilgani haqida gapirish noto‘g‘ri», — deya qo‘shimcha qilgan Shtupun.

Blogerlar shahar chegaralariga chiqilganini tasdiqlamoqda

Ukraina harbiy bloglari esa Shtupindan ko‘ra Shoyguning so‘zlari haqiqatga yaqinligini tasdiqlamoqda. Ularning ayrimlari tomonidan namoyish etilgan xaritalarda Rossiya qismlari so‘nggi vaqtlarda hovuzning shimoliy sohili va shahar shimoliy-g‘arbiy chekkasidagi sobiq Ivan Franko ko‘chasi bo‘ylab oldinga siljib, uning ma’muriy chegarasiga chiqqani va bir vaqtning o‘zida Georgiyevka qishlog‘iga yetib borgani ko‘rsatilgan.

«Tunda dushmanning ilg‘or otryadlari Georgiyevkaga kirishga urindi, ammo harakatni boshlash bosqichidayoq zarbalar bilan to‘xtatildi», — deya yozgan dushanba kuni ukrain armiyasining 46-desant brigadasi telegram-kanali mualliflari.

Nima bo‘lganda ham, Maryinka shahri to‘liq egallangani yoki to‘liq egallanmagani to‘g‘risidagi bahslar — bir necha yuz metrlik xarobalar ustidan nazorat bo‘yicha bahslar hisoblanadi. Dekabr oyi boshidayoq shaharning 96 foiz hududi ruslar nazoratiga o‘tib bo‘lgandi.

Qolaversa, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi harbiy harakatlarning borishi to‘g‘risidagi kunlik hisobotlarida Donetsk oblastining Maryinka shahrini tilga olmay qo‘ygan.

«Maryinka yo‘nalishida mudofaa kuchlari dushmanni Donetsk oblastining Novomixaylovkasida tutib turishda davom etmoqda, bu yerda himoyachilarimiz olti hujumni qaytardi», — deyilgan Ukraina QK bosh shtabining 26 dekabr tongidagi svodkasida.

25 dekabr kuni davomidagi xabarlarida ham ukrain harbiylari Maryinka haqida eslamagan, holbuki bunga qadar bosh shtab ma’lumotlarida ushbu shahar hududidagi hujumlar qaytarilayotgani to‘g‘risida tez-tez xabar berib turilardi (masalan, 25 dekabr kuni ertalabki svodkada).

Bu rus qo‘shini Ukrainada 2023 yil mayidan buyon egallagan ilk shahar bo‘ladi, o‘shanda ukrain garnizoni Baxmutni tashlab chiqqandi.

 

Maryinkaning harbiy ahamiyati haqida

Ilya Abishev, BBC

Bir tomondan, Rossiya qo‘shinlari Maryinkani egallashi — katta yutuq emas. 2014 yilga qadar 10 ming kishi yashagan ushbu shahar hozirga kelib tamomila yakson qilingan. Ukrainalik jangchilar yozdayoq bu yerda himoyalanish juda og‘irligini, chunki yashirinish uchun birorta boshpana qolmaganini aytishardi.

Boshqa tomondan, Maryinkada Shoygu armiyasi xarobalardan tashqari manyovrlar amalga oshirish uchun kenglikka ham ega bo‘ldi. Birinchi navbatda, ular Maryinka tomondan Ukraina qurolli kuchlarining Novomixaylovkadan janubda joylashgan boshqa tayanch punktiga hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi, muvaffaqiyatga erishilgan taqdirda ukrainlarning Vuhledardagi platsdarmi qanotlari bo‘ylab hujum uyushtirish mumkin.

Novomixaylovkada allaqachon janglar boshlanib ketgani hisobga olinsa, Rossiya qo‘mondonligi ushbu rejani amalga oshirishga yaqin deb aytish mumkin.

Ukraina QK uchun Vuhledar platsdarmi katta operativ ahamiyatga ega va ular shahar atrofidagi hududlarni ham boy berish niyatida emas.

Rossiya qo‘shinlari ilgarilashi uchun boshqa bir yo‘nalish N15 trassasi bo‘lishi mumkin, u g‘arbdagi Kuraxovo shahriga olib boradi.

Ammo Ukraina QK qo‘mondonligi Maryinka to‘liq egallangani to‘g‘ri emasligi va ukrain harbiylari hamon uning ma’muriy chegaralarida qolib, shahardan g‘arbda yangi istehkomlar barpo etilayotganini xabar qilmoqda. Bu shuni anglatadiki, ruslar bu yo‘nalishda tezkor muvaffaqiyatga erishishi qiyin.

Mavzuga oid