Rossiya qo‘shini 29 dekabrga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab yopirilma raketa zarbalari yo‘lladi. RF armiyasi hujumda Shahed dronlari, shuningdek qanotli va zenit raketalardan foydalangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 18 kishi halok bo‘lib, 132 kishi yaralangan, ular orasida olti va sakkiz yoshlardagi ikki bola ham bor.

Ukraina QK havo kuchlari rasmiy vakili Yuriy Ignat «Babel» nashriga ma’lum qilishicha, Rossiya qo‘shini zarbalar vaqtida «Kinjal» raketalari, ballistik, zenit va qanotli raketalar hamda dronlarni qo‘llagan. «Biz hech qachon monitorimizda bir vaqtning o‘zida bu qadar ko‘p nishonlarni ko‘rmagandik», — degan Ignat. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum vaqtida Rossiya qo‘shini 18 ta strategik bombardimonchi samolyotlardan foydalangan.

Kiyev

Kiyevga turli turdagi o‘nlab raketalar bilan hujum qilindi, ular shaharga turli yo‘nalishlarda to‘lqin bo‘lib kirgan, deb ma’lum qilgan Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko. Uning tasdiqlashicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari Kiyev ustida 30 dan ortiq nishonni urib tushirgan. Yopirilma raketa hujumi oqibatida Kiyevda vayrongarchiliklar va jabrlanganlar qayd etilgan.

Popkoning so‘zlariga ko‘ra, Shevchenkovo rayonida turar joy binosi shikastlangan, garajlar hududida yong‘in kelib chiqqan. Shuningdek, Kiyev shahri meri «Lukyanovskaya» metro bekati binosi ham zarbaga uchragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shevchenkovo rayonida omborxonalar shikastlangan, xarobalar ostidan ikki kishining jasadi chiqarib olingan. Bundan tashqari, aholi yashamaydigan qurilishlar hududida va hali qurib bitkazilmagan biznes markaz binosida yong‘in chiqqan.

Podolsk rayonida uch ming kvadrat metr maydonni egallagan omborlar hududida yong‘in ro‘y bergan, buning oqibatida, Popkoning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘plab yaradorlar bor». O‘nlab kishilar xarobalar ostida qolib ketgan.

Kiyevning Svyatoshinsk rayonida hali aholi ko‘chib kirmagan ko‘p qavatli binoda yong‘in ro‘y bergan, boshqa joyda turargohga qo‘yilgan uchta avtomobil yonib ketib, bir kishi jarohat olgan. Darnitsk rayonida xususiy va ko‘p kvartirali turar joylar shikastlangan, jabrlanganlar va yong‘in qayd etilmagan.

Ukraina rasmiylarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyevda ikki kishi halok bo‘lgan va kamida 28 kishi tan jarohati olgan, shundan 25 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ukraina IIV Kiyev bo‘ylab zarbalar oqibatlari aks etgan fotosuratlarni namoyish etgan.