21:54 / 13.06.2024
3852

13 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Janubiy Koreya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi boshlandi. Test sinovlari qay tartibda o‘tishi tushuntirildi. Toshkentning bosh rejasi “qisqa muddatda” tasdiqlanishi aytildi.

Janubiy Koreya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya prezidenti Yun Sok Yol rafiqasi Kim Gon Xi bilan birgalikda O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

13-15 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladigan oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston–Koreya do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, mintaqaviy, shu jumladan «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.

Sammit yakunlari bo‘yicha bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. 

Oliygohlarga kirish test sinovlari

Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun 1–25 iyul kunlari ijodiy imtihonlar, 14-28 iyul kunlari test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Abituriyentlar ijodiy imtihonda to‘plagan ballni o‘sha kunning o‘zida, testda to‘plagan ballni ertasiga bilishi mumkin bo‘ladi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan «Hukumat soati»da O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ma’lum qilgan.

2024-2025 o‘quv yili uchun bakalavriatga qabul bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi 5 iyun kunidan boshlandi va 25 iyungacha davom etadi. Bunda abituriyentlar faqat test sinovlari o‘tkaziladigan yo‘nalishlarga test topshiradigan fanlar, ta’lim tili, test topshirish hududini tanlaydi.

Ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi yakunlangandan so‘ng, 1-25 iyul kunlari ijodiy imtihonlar, 14-28 iyul kunlari test sinovlari o‘tkaziladi.

Ijodiy imtihon va test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng, 15 kun davomida ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida abituriyentlar test ballaridan kelib chiqib, 5 tagacha oliygoh (yoki yo‘nalish), ta’lim shaklini, tanlov ustuvorligini, ijodiy imtihon o‘tkazilgan yo‘nalishlar uchun esa qo‘shimcha ravishda tanlangan yo‘nalish bo‘yicha yana shuncha oliygohni tanlash huquqiga ega bo‘lishadi. 

Toshkentning bosh rejasi

Toshkent shahrining bosh rejasi hanuz Vazirlar Mahkamasida muhokamada turibdi, degan qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Kozim To‘laganov matbuot anjumanida.

«So‘nggi marta 1997 yilda tayyorlangan bosh rejaga o‘zim bosh bo‘lganman. 25 yilga tuzilgan bosh reja bugungacha ishlab turibdi. Prezidentning bu boradagi topshirig‘iga 2 yil bo‘ldi. Yangi hozirgi bosh rejani tuzish uchun juda ko‘p mutaxassislar jalb qilindi, ish deyarli oxiriga yetdi. Ba’zi yo‘nalishlarda bu bo‘yicha oxirgi ishlar davom etmoqda. Men yaqin davrlarda, 1-2 oyda e’lon qilinadi deb aytolmayman, lekin qisqa muddat ichida Toshkent shahrining yangi bosh rejasi tasdiqlanib, ishga qo‘yiladi», – degan To‘laganov.

Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi arxitektori Shavkat Do‘stmuhammedov nima sabab bosh rejaning tasdiqlanishi surilayotganiga izoh berarkan, unga yangi tushunchalar kiritilganini aytib o‘tdi.

«Toshkent shahrining butun konsepsiyasi ishlab chiqilgan, bu albatta, yangi Toshkentni ham o‘ziga qamrab olib, uyg‘unlashtirilgan majmua, shahar qilib ishlangan», degan Do‘stmuhammedov.

Do‘stmuhammedovga ko‘ra, yangi bosh reja 2018 yilda tasdiqlanishi kerak edi. «ToshkentboshplanLITi» tomonidan ishlab chiqilgan, shahar kengashi tomonidan ko‘rib chiqilgan va tasdiqlangan. So‘ngra hujjatni tasdiqlanish uchun yana yuqori tashkilotga berilgan, lekin u tasdiqlanmagan. Shundan so‘ng uni qaytadan chiqish boshlangan. Yangi reja butun boshli boshqa davlatlarning strategiyalari bo‘yicha, umuman boshqa qarash bilan ishlab chiqilgan, yangi tushunchalar kiritilgan va u hozir tasdiqlanishini kutib turibdi. 

To‘y kortejidagi bezorilik

Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanida to‘y kortejida borayotgan mashinalar yo‘l talashib, ataylab bir-biriga urilib pachaq qilingan. Kuyov to‘y sayli boshlanishidan oldin kim u o‘tirgan mashina orqasidan birinchi bo‘lib yetib borsa, o‘sha haydovchiga 200 dollar berishini va’da qilgan.

Voqea 12 iyun kuni ro‘y bergan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV matbuot xizmati rasmiy xabariga ko‘ra, holat bo‘yicha olib borilgan surishtiruv ishlari davomida tan jarohati olgan fuqarolar aniqlanmagan. To‘y saylida ishtirok etgan barcha 9 ta mashina jarima maydoniga qo‘yilib, haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Xabarda qayd etilishicha, hozirda haydovchilarga nisbatan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha ma’muriy ish ham qo‘zg‘atilgan. 

O‘zbekistonga nisbatan hurmatsizlik qilganlarga qarshi qonun

O‘zbekiston haqida noma’qul gap aytgan chet elliklarning O‘zbekistonga kirishi taqiqlanishi mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishlab chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini tahqirlovchi gaplar aytgan chet el fuqarolari O‘zbekistonga kiritilmaydi, agar ular O‘zbekistonda bo‘lsa, deportatsiya qilinadi va qator taqiqlarga duchor bo‘ladi.

Qonunchilik palatasi axborotiga ko‘ra, bunga – O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash zarurati sabab bo‘lgan.

Loyiha bilan Qozog‘iston, Ozarboyjon, Rossiya, Polsha, Belarus, XXR kabi davlatlar tajribasidan kelib chiqib, qonunga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishini nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda.

Mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 yil davomida quyidagilar taqiqlanadi:

Qonun loyihasida mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi nazarda tutilgan.

Top