OTMga kirish test sinovlari 14-28 iyul kunlari o‘tkaziladi
1-25 iyul kunlari ijodiy imtihonlar, 14-28 iyul kunlari test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Abituriyentlar ijodiy imtihonda to‘plagan ballni o‘sha kunning o‘zida, testda to‘plagan ballni ertasiga bilishi mumkin bo‘ladi.
Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi.
Unda deputatlar “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish tizimini yanada takomillashtirish, shu jumladan, davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish uchun imtihonlarni “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masalani muhokama qildi.
Kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan deputatlarning savollariga O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov javob berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024-2025 o‘quv yili uchun bakalavriatga qabul bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi joriy yil 5 iyun kunidan boshlandi va 25 iyungacha davom etadi. Buning uchun abituriyentlarga faqat test sinovlari o‘tkaziladigan yo‘nalishlarga test topshiradigan fanlar, ta’lim tili, test topshirish hududini tanlash, shuningdek, ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalishlarga esa bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ijodiy imtihon topshiriladigan oliygohni tanlash imkoniyati yaratildi.
Ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi yakunlangandan so‘ng, 1-25 iyul kunlari ijodiy imtihonlar, 14-28 iyul kunlari test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar bo‘yicha vazirlik, Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda oliygohlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, abituriyentlar ijodiy imtihonda to‘plagan balini o‘sha kunning o‘zida, testda to‘plagan balini ertasiga bilishi mumkin bo‘ladi. Ijodiy imtihon va test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng, 15 kun davomida ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida abituriyentlar test ballaridan kelib chiqib, 5 tagacha oliygoh (yo‘nalish), ta’lim shaklini, tanlov ustuvorligini, ijodiy imtihon o‘tkazilgan yo‘nalishlar uchun esa qo‘shimcha ravishda tanlangan yo‘nalish bo‘yicha yana shuncha oliygohni tanlash huquqiga ega.
Vazir pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun 2-kursdan boshlab haftalik o‘quv mashg‘ulotlarini “4+2” tartibida, jumladan darslarning 4 kuni oliy ta’lim muassasasida, 2 kuni maktabgacha, umumiy o‘rta va professional ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash shaklida olib borilishini ta’minlashga qaratilgan ishlar davom ettirilishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
17:46 / 28.10.2024
Apple salomatlik uchun foydali ilovani sinovdan o‘tkazdi
13:50 / 21.10.2024
Hindiston O‘zbekiston OTMda onlayn smart-auditoriyalarni tashkil etishi mumkin
18:39 / 11.10.2024
Abituriyentlar Bilim va malakalarni baholash agentligini sudga berdi
15:23 / 21.09.2024