Virusli gepatit A – bu o‘tkir yuqumli jigar kasalligi bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi gepatit A virusi hisoblanadi. Dunyo bo‘ylab har yili o‘n millionga yaqin odam ushbu kasallikka chalinadi. Maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalar boshqalarga nisbatan ko‘proq kasallanadi. Ushbu ko‘rsatuvda xarakteriga ko‘ra asosan yoz va kuz oylarida avj oladigan kasallikning alomatlari, kelib chiqish sabablari, organizmda kechishi, uning oldini olish choralari hamda davolash usullari, shuningdek kasallikka qarshi vaksinatsiya haqida so‘z yuritamiz.

Virusli gepatit A

 Gepatitning o‘tkir va surunkali turlari mavjud. Surunkali gepatit o‘limga olib keluvchi jigar sirrozi va saratoni kabi kasalliklar asoratiga sabab bo‘lishi mumkin.

Gepatit A — kasallikning eng ko‘p uchraydigan, ammo boshqalariga nisbatan xavfsizroq turi hisoblanadi. U deyarli doim o‘tkir kechadi va surunkali bo‘lmaydi, o‘limga va boshqa turlarga nisbatan jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Nisbatan yuqori kasallanish aholi sifatli ichimlik suv bilan yaxshi ta’minlanmagan, sanitariya – gigiyena sharoiti nochor bo‘lgan hududlarda kuzatiladi. Shu bilan birgalikda, bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarida va maktablarda o‘zaro muloqot jarayonida gepatit A kasalligini yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

«Hozirgi kunda bizda Virusli gepatitlarning A, B, C, D, Y turlari aniqlangan. Shulardan bittasi verusli gepatit A hisoblanadi. Virusli gepatit A tibik ichak o‘tik infeksiyalari turiga kirib, bugungi kunda bolalar orasida, asosan, sanitariya- gigiyena qoidalariga rioya qilmaganligi sababli ko‘p uchrab turadi».

Abdullabayeva Nargiza

Shahar 5-son Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori

«Kir qo‘llar kasalligi»

Ushbu kasallik «kir qo‘llar kasalligi» deb ham ataladi. Virusni, asosan, kirlangan suv, taom, yaxshi yuvilmagan idish hamda kasallangan odam bilan kontaktda bo‘lish orqali yuqtirish mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlarning 90 foizini 10 yoshgacha bolalar tashkil etadi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda gepatit A bilan kasallanish holati bugungi kunda ham baland: joriy yilning 6 oyida, 2023 yilning shu davriga nisbatan, 1,7 barobarga o‘sishi kuzatilgan. Bu kasallik 4-6 yoshli va 7-14 yoshli bolalar o‘rtasida keng tarqalib bormoqda.