AQŞ Federal tergov byurosi (FTB) 5 sentabr, çorşanba kuni e’lon qilgan hisobotiga köra, Rossiya Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlarida, xususan, nemis jamiyatida kelişmovçilik keltirib çiqariş maqsadida dezinformatsion kampaniyalar olib bormoqda. 277 betlik FTB ma’lumotlari «yevropaliklarning qalbi va ongini zabt etiş rejalari» tasvirlangan köplab rus hujjatlarini öz içiga oladi, deb yozadi Politico.
Moskvaning Germaniyadagi maqsadi - «AQŞ va NATOni obrösizlantiriş»
Rossiya Ijtimoiy loyihalaştiriş agentligi yiğilişlaridan birining bayonnomasiga köra, Moskva Germaniya va Fransiyada dezinformatsion kampaniyalarni kuçaytirişga qaror qildi, xuddi şu protokolda «nemislar fransuzlarga qaraganda köproq qaram» deb ta’kidlangan. Yiğiliş iştirokçilari Germaniyadagi bunday kampaniyalarning asosiy maqsadlari «Qöşma Ştatlar va NATOni obrösizlantiriş», Ukrainani qöllab-quvvatlaş qarorini buziş va nemislarni «sanksiyalarning samarasiz siyosatiga» işontiriş ekanligini bildirgan. FTB ta’kidlaganidek, agentlik Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbarining birinçi örinbosari Sergey Kiriyenkoga böysunadi.
Nemis auditoriyasi uçun oyiga 30 mingta şarh
Ijtimoiy loyihalaştiriş agentligi loyihalaridan birining maqsadi «Izohda işlaş» deb atalib, Ukrainadagi uruş va AQŞ siyosati bilan boğliq «auditoriyada oqilona va hissiy reaksiyalarni uyğotişdan» iboratdir. «Ratsional» reaksiyaga misol sifatida: «Haqiqatan ham, biz Ukrainaga nima uçun yordam berişimiz kerak?» degan savol keltirilgan, hissiy reaksiyaga misol sifatida esa «Amerikaliklar qanday qabihlar!» deyiladi. Loyihaga ilova qilingan ma’lumotnomada nemis auditoriyasi uçun şunday xabarlar bilan har oy ijtimoiy tarmoqlarda 30 mingta izoh qoldiriş kerakligi aytiladi. Xuddi şu körsatkiçlar Fransiya uçun ham amal qiladi.
GuM partiyasi uçun «vatanparvarlar obrazi»ni yaratiş
Germaniyaning T-Online naşri tomonidan olingan yana bir rus hujjatida aytilişiça, Rossiya «Germaniya uçun muqobil» öng qanot populistik partiyasini «har qanday yöl bilan» qöllab-quvvatlab, GuM a’zolari uçun «demokratiya va milliy siyosat uçun aziyat çekayotgan vatanparvarlar obrazini» yaratişi kerakligi aytiladi.
AQŞ Russia Today'ga qarşi sanksiyalar kiritdi
AQŞ Moliya vazirligi 4 sentabr kuni «Moskvaning 2024 yilgi AQŞ prezidentlik saylovlariga ta’sir ötkazişga urinişlari»ga aloqador 10 nafar şaxs va ikki taşkilotga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Xususan, Russia Today (RT) telekanallari xalqaro tarmoği va uning boş muharriri Margarita Simonyan jazo çoralariga tortildi.











