M25 konini yopish uchun portlatish rejalashtirilmagan - hokimlik
Surxondaryo viloyati hokimligi Boysundagi oltingugurt gazi chiqayotgan kon portlatilishi haqidagi xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi. “Hozirda bunday choralarni amalga oshirish rejalashtirilmagan”, deyiladi bayonotda. Oktyabr boshida energetika vaziri konni jilovlash uchun 2-3 kunlik tayyorgarlik ishlari qolgani, reja ish bermasa, boshqa ssenariylarga o‘tilishini aytgandi.
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi M25 konidan tarkibida vodorod sulfid yuqori bo‘lgan gaz chiqishini to‘xtatish uchun portlatish usulidan foydalanish rejalashtirilmagan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarni viloyat hokimligi rad etdi.
“Bugun turli Telegram-kanal va guruhlarda Boysun tumanidagi M25 konida gaz chiqishini to‘xtatish maqsadida yengil portlatish ishlari amalga oshirilishi haqida yolg‘on xabarlar tarqaldi. Mazkur xabar asossiz bo‘lib, hozirda bunday choralarni amalga oshirish rejalashtirilmagani ma’lum qilinadi hamda bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni va tarqatmaslikni so‘raymiz”, – deyiladi rasmiy bayonotda.
Viloyat hokimligi aholi o‘rtasida vahima uyg‘otuvchi yolg‘on va asossiz xabarlarni tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatgan.
M25 konidagi texnogen ofat 1 sentabr kuni ro‘y berdi. 15 sentabr kuni kon to‘liq jilovlangani ma’lum qilindi, lekin ikki kun o‘tib, takroriy avariya sodir bo‘lishi natijasida 4 kishi halok bo‘lib, 11 kishi jabrlandi. Quduqdan oltingugurt gazi sizib chiqishi davom etib, hamon aholi salomatligiga xavf solmoqda.
Oktyabr oyi boshida “Lolazor” podkastiga intervyu bergan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tuzilgan reja bo‘yicha konni jilovlash uchun yana 2–3 kunlik tayyorgarlik ishlari qolganini aytgandi.
“Qo‘shimcha uskunalar olib kelingan, ularni o‘rnatish jarayoni ketmoqda. Agar bu ssenariy ish bermasa, yana boshqalariga o‘tiladi va bu 2–3 oy vaqt olishi mumkin”, – degan edi vazir. U boshqa ssenariylar nimadan iboratligiga to‘xtalmagan.
Eslatib o‘tamiz, holat bo‘yicha Bosh prokuratura, Ekologiya vazirligi va Kontexnazorat inspeksiyasi o‘rganish ishlari olib borilayotganini bildirgan, bu idoralardan hech biri hozircha o‘z o‘rganishlari xulosasini taqdim qilmadi.
Mavzuga oid
19:44 / 19.11.2024
Yo‘l qurilishi bo‘yicha buyurtma olib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
23:00 / 04.11.2024
“Afsus, vijdon issiqxonada o‘smaydi" - Sherzodxon Qudratxo‘janing posti e’tirozlarga sabab bo‘ldi
20:17 / 29.10.2024
“Odamlar qiynalishyapti” – boysunliklar hukumatdan amaliy yordam kutmoqda
17:43 / 06.10.2024