AQSh prezidenti Donald Tramp 14 mart kuni «minglab ukrainalik askarlar rus harbiylari tomonidan to‘liq o‘rab olingani hamda juda yomon va zaif holatda» ekanini aytdi. Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «ularga rahm qilish»ga chaqirgan, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, «Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan dahshatli qirg‘in» ro‘y beradi.
Katta ehtimol bilan, Tramp Kursk oblastidagi ukrain harbiylarini nazarda tutgan. Tarqalgan videoyozuvlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Kursk oblastidagi platsdarmning katta qismini tark etgan, shu bilan birga katta yo‘qotishlarga uchragan. Ukraina armiyasi nazorati ostida faqat «Sudja» chegara o‘tish punkti va uning atrofidagi bir nechta qishloq qolmoqda. Rossiya dronlari zarbalari tufayli bu hududlarga ta’minot yetkazib berish qiyinlashgan bo‘lsa-da, qurshov holati yo‘q.
Taxminlarga ko‘ra, Trampning bayonoti Pentagonning bahosiga asoslangan: amerikalik harbiy anonim tarzda NBC News telekanaliga ma’lum qilishicha, RF qurolli kuchlari Kursk oblastida ukrain harbiylarini «deyarli to‘liq o‘rab olgan», Ukraina qurolli kuchlarining ayrim bo‘linmalari chekinayotib, texnikani tashlab ketgan.
Vladimir Putin Trampning iltimosini bajarishga tayyorligini ma’lum qildi. «AQSh prezidentining chaqirig‘ini samarali amalga oshirish uchun Ukraina harbiy-siyosiy rahbariyati o‘z harbiy bo‘linmalariga qurollarni tashlash va taslim bo‘lish bo‘yicha tegishli buyruq berishi zarur», – dedi Putin 14 mart kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi boshlanishidan oldin. Keyingi kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov TASS muxbiriga Putinning qurolni tashlash taklifi hali ham amalda ekani, ammo ukrainlarning «vaqti sag‘ri terisi kabi qisqarayotgani»ni aytdi.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Trampning bayonotidan ko‘p o‘tmay, Rossiya harbiylari Kursk oblastidagi Ukraina bo‘linmalarini o‘rab olgani haqidagi da’volar «haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va rossiyaliklar tomonidan siyosiy maqsadlar hamda Ukraina va hamkorlarga bosim o‘tkazish uchun yaratilgani» haqida xabar berdi.
Bosh shtabning ma’lum qilishicha, Ukrainaning «Kursk» qo‘shinlari guruhining operatsion zonasida harbiy harakatlar davom etmoqda. «Ukraina mudofaa kuchlari bo‘linmalari qayta guruhlanishni amalga oshirdi, mudofaaning qulayroq chiziqlariga o‘tdi va Kursk oblasti hududida belgilangan vazifalarni bajarmoqda. Jangchilarimiz dushmanning hujumkor harakatlarini qaytarmoqda va unga barcha turdagi qurollardan samarali o‘t ochib zarba bermoqda», – deyiladi Ukraina tomoni bayonotida. Bosh shtab «bo‘linmalarni qurshab olish xavfi yo‘qligi»ni ta’kidlagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 15 mart kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning Kursk oblastidagi Ukraina harbiylarining holati haqida hisobotini olganini ma’lum qildi:








