Mavzu yuzasidan “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar sharhi.

- Ukraina tomoni aytayotganidek, Rossiya 600 ming harbiyni safarbar qilmoqchi boʻlsa, bu frontdagi kuchlar nisbatini keskin oʻzgartirishi mumkinmi?

Anvar Yoʻldoshev: Gap Rossiyaning birdaniga 600 ming askarni Ukraina frontiga yuborishi haqida ketmayapti. Bu shartnoma asosida harbiy xizmatga jalb etiladigan askarlar soni bilan bogʻliq. Rossiya soʻnggi yillarda yiliga 300 mingga yaqin harbiyni shartnoma asosida jalb qilib kelmoqda. Masalan, 2025-yilda bu koʻrsatkich qariyb 295 ming nafarni tashkil etgan. 2026-yil uchun esa Rossiya rahbariyati 261 ming nafar harbiyni shartnoma asosida jalb etish rejasini belgilagan. 600 minglik koʻrsatkich esa bundan ancha yuqori. Biroq bu raqamni bir yil ichida frontga keladigan yangi askarlar soni sifatida talqin qilish notoʻgʻri.

Hozir Rossiya oyiga taxminan 25–27 ming kishini harbiy xizmatga jalb qilmoqda. Shu bilan birga, frontdagi yoʻqotishlar ham yuqori boʻlib, ayrim baholarga koʻra, oyiga qariyb 27–28 ming harbiy safdan chiqmoqda. Shuning uchun Rossiya uchun asosiy masala faqat yangi askarlar sonini oshirish emas, balki mavjud yoʻqotishlarning oʻrnini toʻldirish va harbiy salohiyatni saqlab qolishdir. 600 ming nafar harbiyni tayyorlash, joylashtirish, ularga qoʻmondonlar tayinlash, qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash katta resurs talab qiladi.

Shu sababli bunday miqyosdagi safarbarlik Rossiyaning harbiy imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishi mumkin, ammo bu oʻzgarish frontda birdaniga namoyon boʻlmaydi. Agar Rossiya oyiga oʻrtacha 25 ming kishini harbiy xizmatga jalb qilsa, bir yil davomida bu qariyb 300 ming yangi harbiy degani. Demak, masala bir vaqtning oʻzida 600 ming askarning frontga yuborilishida emas, balki Rossiyaning uzoq muddat davomida qoʻshinlarini toʻldirish va yoʻqotishlarni qoplash imkoniyatini sezilarli darajada kengaytirishida.

Shu nuqtayi nazardan, 600 minglik reja amalga oshsa, Rossiya Ukraina frontidagi son jihatdan ustunligini yanada kuchaytirishi mumkin. Biroq bu ustunlikning amaliy samarasi yangi askarlarni qanchalik tez tayyorlash, qurollantirish va frontga integratsiya qilishiga bogʻliq boʻladi.

Kamoliddin Rabbimov: Rossiya bu masalada bir nechta maqsadni koʻzlayotgan boʻlishi mumkin. Birinchidan, Vladimir Putin urush boshlanganidan buyon qariyb toʻrt yarim yil davomida umumiy harbiy safarbarlik eʼlon qilgani yoʻq. Rossiya shu vaqtgacha asosan shartnoma asosida harbiy xizmatchilarni jalb etish orqali qoʻshinlarini toʻldirib kelmoqda.