Jahon | 23:26 / 25.03.2025
3195
6 daqiqa o‘qiladi

G‘arb sanksiyalari Rossiyani qariyb 500 mlrd dollar daromaddan mahrum qilgani aytilmoqda

Vladimir Putin Rossiyani sanksiyalardan qisman xalos qilish maqsadida AQShning yangi prezident ma’muriyati bilan keskinlikni yumshatish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinmoqda.

Foto: mskagency.ru

Ammo Yevropa davlatlari cheklov choralaridan voz kechish niyatida emas, dedi YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan. U sanksiyalarni samarali deb hisoblaydi va ayni paytda Rossiya iqtisodiyotiga eng kuchli zarba aynan Yevropa sanksiyalaridan kelayotganini ta’kidlaydi.

O’Sallivanning Yevropa siyosiy tahlil markazi (CEPA) uchun yozgan maqolasida atilishicha, 2022 yil fevralidan beri, ya’ni Ukrainada urush boshlanganidan buyon, Rossiya G‘arb sanksiyalari tufayli 450 mlrd dollardan ko‘proq daromad yo‘qotgan. Bu raqam Rossiyaning uch yillik harbiy xarajatlariga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, G‘arb davlatlarining iqtisodiy choralari Rossiyani neftini G7 tomonidan o‘rnatilgan narx chegarasini chetlab o‘tgan holda tashish uchun «soyadagi flot» tuzishga 10 mlrd dollar sarflashga majbur qilgan.

An’anaviy tarzda AQSh sanksiyalari eng og‘riqli hisoblanadi. Chunki dollar moliyaviy tizimining global tabiati tufayli unga kirish taqiqlanishi istalgan mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba beradi. AQSh, shuningdek, boshqa davlat banklari va kompaniyalarini sanksiyadagi shaxslar bilan hamkorlik qilgani uchun jazolash (ikkilamchi sanksiyalar) imkoniga ham ega.

Biroq, urushdan oldin Rossiyaning AQSh bilan iqtisodiy aloqalari Yevropaga qaraganda ham katta emasdi,. Shu sababli, aynan Yevropa tomonidan joriy etilgan choralar — Rossiya bilan savdoni to‘xtatish, gaz, neft va ko‘mir xaridlarini bas qilish, qo‘sh maqsadli mahsulotlar va ilg‘or texnologiyalar eksportini taqiqlash, xorijiy kompaniyalarning chiqib ketishi, kompaniya va jismoniy shaxslarga nisbatan sanksiyalar, 200 mlrd yevroga teng valuta zaxiralarini muzlatib qo‘yish, SWIFT bank tizimidan uzish — Rossiya iqtisodiyotiga eng sezilarli ta’sir ko‘rsatdi, deydi O’Sallivan.

Urushdan oldin Rossiya Yevropa Ittifoqi tashqi savdosining 5,8 foizini tashkil qilgan va Ittifoqning beshinchi eng yirik savdo hamkori edi.

Rossiya neftining YeIga eksporti 90 foizga qisqargan. Garchi Rossiya eksportni Osiyoga yo‘naltirishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, endi u Xitoy va Hindistonga bog‘lanib qolgan va o‘z neftini arzonlashgan narxda sotishga majbur bo‘lgani uchun milliardlab dollar yo‘qotgan. Bundan tashqari, kema xaridi va ro‘yxatdan o‘tkazish, fraxt narxlari oshishi va yangi sanksiyalar, masalan, 10 yanvardagi Jo Bayden ma’muriyatining «vidolashuv sanksiyalari» oqibatida eksport hajmlarining pasayishi kabi xarajatlar ham bor.

Rossiya agressiyasining eng og‘ir oqibatlari esa gaz sektorida namoyon bo‘ldi. Rossiya Yevropa bozorini yo‘qotdi va unga o‘rnini bosuvchi bozor topa olmadi. Urushgacha YeI gaz importining 45 foizini ta’minlagan Rossiya, hozirda bor-yo‘g‘i 15 foiznigina bera oladi, deydi O’Sallivan.

Bu orqali «Gazprom»ning Yevropa bozoridagi ulushi ham keskin kamaydi. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, u 7 foizga tushgan. Bu yo‘qotishlarni suyultirilgan tabbiy gaz (STG) yetkazib berish hajmi ortishi bilan qisman qoplashga urinilgan bo‘lsa-da, «Arktik STG-2» loyihasi sanksiyalar tufayli bir yildan ziyod vaqt o‘tsa-da, gaz eksport qilishni boshlay olmadi. 2024 yilda «Gazprom»ning gaz biznesi 1 trln rubl zarar bilan yakunlandi, uning valuta omonatlari esa 50 marta qisqarib, atigi 13,5 mln dollarni tashkil etgan (RSBU hisobotiga ko‘ra).

O’Sallivanning yozishicha, sanksiyalar sabab yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar shunchalik ko‘pki, aynan shu narsa Kremlni ularni bekor qilishga urinishga undaydi. Putin harbiy iqtisodiyotni moliyalashtirish uchun Milliy farovonlik jamg‘armasini «talon-toroj» qildi — undan ijtimoiy ta’minot tizimi va ishlab chiqarish sohalari hisobidan mablag‘ olingan.

Urush boshlanganidan buyon jamg‘armaning uchdan ikki qismi sarflandi. 2025 yil uchun bashorat qilingan YaIMning bor-yo‘g‘i 1,6 foizini tashkil qiluvchi 3,394 trln rubl (ya’ni 38,7 mlrd dollar) likvid aktivlar qoldi. Bu jamg‘arma 2008 yilda tashkil etilganidan beri eng past daraja hisoblanadi.

Texnologiyalarga ega bo‘lish cheklanishi tufayli Rossiya sanoati inqirozga yuz tutdi. Sanksiyalar xarajatlarni oshirmoqda, uskunalar sifati pasaymoqda. «Rossiya harbiy mashinasi uchun butlovchi qismlar narxi 30 foizga oshdi», deydi O’Sallivan.

Putin AQSh bilan keskinlikni yumshatish borasida kelishuvga erishishga intilar ekan, ayrim sanksiyalarni bekor qildirishni xohlamoqda. Masalan, samolyotlar uchun butlovchi qismlar tanqisligi tufayli Rossiya aviasanoati jiddiy qiyinchilikka duch kelgan. Turoperatorlar uchun parvoz dasturlarini tashkil qilishda uchoqlar yetishmayapti. Rossiya turizm ittifoqi ma’lumotiga ko‘ra, har yili 50–100 ta samolyot faoliyatdan chiqib ketishi kutilmoqda.

Moskvani fikricha, Tramp ma’muriyati bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish nafaqat geosiyosiy, balki iqtisodiy foyda ham keltiradi. Shu jumladan, Rossiyada foydalanilayotgan Boeing samolyotlariga butlovchi qismlarni yetkazib berishni qayta yo‘lga qo‘yish mumkin, deb yozadi The New York Times.

Shuning uchun O’Sallivan shunday ta’kidlaydi:

«Sanksiyalarni chetlab o‘tish mumkinligiga qaramay, ular Rossiya uchun urushni olib borishni qiyinlashtiradi, sekinlashtiradi va qimmatlashtiradi. Biz o‘z kursimizda sobit qolishimiz kerak».

Mavzuga oid

E`lonlar