Jahon | 13:35 / 27.03.2025
4911
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy AQSh Rossiya talablariga yon bermasligiga umid qilmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Rossiyaning Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish sharti sifatida sanksiyalarni bekor qilish talabiga ko‘nmasligiga umid bildirdi.

Foto: AFP

Moskva Qora dengizda kemalar qatnovini xavfsiz qilish imkonini beruvchi sulh G‘arbning Rossiyadan oziq-ovqat va o‘g‘itlar savdosiga qo‘ygan cheklovlari bekor qilinganidan keyingina kuchga kirishini ma’lum qilgan.

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash koalitsiyasi sammitida ishtirok etish uchun Parijga tashrif buyurgan Zelenskiy chorshanba kuni kechqurun jurnalistlar bilan suhbatlashdi.

BBC xalqaro muharriri Jyeremi Bouenning AQSh Moskvaning talablariga qarshilik ko‘rsata oladimi, degan savoliga javob berarkan, u shunday dedi: «Men bunga umid qilaman. Xudo xohlasa, uddalashadi. Lekin ko‘ramiz».

Oq uy seshanba kuni Rossiya va Ukraina delegatsiyalari Saudiya Arabistonida AQSh rasmiylari bilan uch kunlik alohida muzokaralardan so‘ng Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qildi.

Ammo bir necha soat o‘tgach, Kreml o‘z shartlari ro‘yxatini o‘z ichiga olgan bayonotini e’lon qildi.

Moskva talablari qatorida G‘arbning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi moliya muassasalariga nisbatan sanksiyalarini bekor qilish va ularning Swift xalqaro to‘lov tizimiga kirishini tiklash ham bor.

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtondagilar Moskvaning cheklovlarni bekor qilish haqidagi so‘rovini ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Yevrottifoqdagilar esa sanksiyalarni bekor qilish haqida gapirishga hali erta ekanini aytishmoqda.

«Biz sanksiyalarni bekor qilmoqchi emasmiz, shunday ekan, bunga hali juda erta. Nima bo‘lganda ham, sanksiyalar Rossiyaning tajovuz foydasiga tanlov qilgani tufayli va shuning uchun ularni bekor qilish faqat Rossiyaning xalqaro huquqqa rioya qilish foydasiga tanlov qilishiga bog‘liq», – dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parijda Zelenskiy bilan muzokaralardan so‘ng.

Makron Rossiyani yangi shartlarni ilgari surishda va o‘t ochishni to‘xtatish takliflariga reaksiya ko‘rsatmaslikda aybladi.

Parijda jurnalistlar qarshisida nutq so‘zlagan Zelenskiy AQShdagi ikkala partiyadan ham qo‘llab-quvvatlov uchun juda minnatdor ekanini aytdi, biroq Amerikaning ayrim rasmiylari Rossiya narrativlari ta’sirida ekanidan xavotir bildirdi.

«Biz bu narrativlarga qo‘shila olmaymiz», – dedi u.

Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp u va Rossiya prezidenti Vladimir Putindan qaysi biri bilan yaqinroqligi haqidagi savolga javoban, buni bilmasligini aytdi.

«Men uning real munosabatlari qandayligini bilmayman, ular [Tramp va Putin] qancha suhbatlashganini bilmayman. Men Tramp bilan uning Putin bilan qanchalik yaqinligini tushunadigan darajada yaqin emasman», – deb qo‘shimcha qilgan Ukraina prezidenti.

Mavzuga oid