AQŞ Harbiy-dengiz kuçlarining F/A-18 Super Hornet qiruvçi samolyoti Yaman husiylariga qarşi operatsiya doirasida Qizil dengizda suzib yurgan «Harri Trumen» aviataşuvçisi palubasidan suvga tuşib ketdi.

Harbiy-dengiz kuçlarining 28 apreldagi bayonotida ta’kidlanişiça, qiruvçini şatakka oliş vaqtida ekipaj boşqaruvni yöqotgan va natijada samolyot hamda şatakçi bortdan taşqariga qulagan. Ekipajning barça a’zolari topilgan, bir nafar dengizçi yengil jarohat olgan.

CNN ma’lumotlariga köra, uşbu hodisa aviataşuvçi Yaman husiylarining hujumiga çap beriş maqsadida keskin burilişni amalga oşirganini anglatadi, bu esa samolyotning suvga tuşib ketişiga sabab bölgan. Husiylar 28 aprel kuni dronlar va raketalar yordamida «Harri Trumen» aviataşuvçisiga zarbalar berganini ma’lum qilgandi. CNN’ning yana bir suhbatdoşiga köra, samolyot çökib ketgan.

Harbiy-dengiz kuçlari ma’lumotlariga köra, bitta F/A-18 qiruvçisining narxi 60 million dollardan oşadi. Qayd etilişiça, aviataşuvçining zarba guruhi va uning aviaqanoti «töliq jangovar holatda qolmoqda». Samolyotning bortdan qulaşiga boğliq holat tergov qilinadi.

2023 yil kuzdan beri Yaman husiylari muntazam ravişda Qizil dengizdagi fuqarolik va harbiy kemalarga hujumlar uyuştirib kelmoqda. Öşa yilning noyabrida guruh Isroil bilan boğliq barça kemalarga hujum uyuştirilişini aytib, öz harakatlarini «Amerika—Isroilning Ğazo sektoridagi bosqinçiligiga» javob deb atagan.

2025 yil 15 martdan beri AQŞ Markaziy qömondonligi kuçlari husiylarga qarşi operatsiya ötkazmoqda. Uşbu kampaniya doirasida «Harri Trumen» aviataşuvçisi bir neça bor hujumga uçragan. Şuningdek, AQŞning boşqa harbiy kemalariga ham zarbalar berilgan.