11 noyabr kuni kunduzi Pokiston poytaxti Islomobodda jangari tomonidan amalga oşirilgan portlaş natijasida kamida 12 kişi halok böldi, yana 27 kişi yaralandi. Bu haqda jurnalistlarga mamlakat içki işlar vaziri Mohsin Naqviy ma’lum qildi.

Uning sözlariga köra, jangari dastlab poytaxt sudi binosiga kirişga uringan, ammo «bunday imkoniyatga ega bölmaganidan söng, u bino yonidagi parkovkada politsiya avtomobiliga hujum qilgan». Politsiya ma’lumotiça, jarohatlanuvçilar asosan yölovçilar yoki sud majlislariga kelgan şaxslar bölgan.

«Biz bu hodisani turli yönalişlarda tekşiryapmiz. Bu şunçaki navbatdagi portlaş emas. U aynan Islomobodning özida sodir böldi, — dedi içki işlar vaziri. — Bu işga kim aralaşgan bölmasin — mahalliylarmi yoki boşqa mamlakat fuqarolarimi — jazosiz qolmaydi».

Naqviyning ta’kidlaşiça, portlaş ortida «Tolibon» harakati va Hindiston bilan boğliq jangarilar turgan bölişi mumkin. Keyinroq AP agentligi xabar qilişiça, hujum uçun javobgarlikni Pokiston «Tolibon»ining tarkibidan ajralib çiqqan guruh öz zimmasiga olgan.

10 noyabr keçqurun Pokiston maxsus xizmatlari Afğoniston çegarasiga yaqin Xaybar-Paxtunxva viloyatida joylaşgan armiya kollejida jangarilarning kursantlarni garovga oliş urinişini bartaraf etganini ma’lum qildi. Aytilişiça, öquv dargohiga bir jangari va yana beş kişi hujum qilgan.

Pokiston hokimiyati bu hujumda Afğoniston–Pokiston çegarasida faoliyat yurituvçi guruhni ayblagan, biroq jangarilar bu hujumga aloqadorlikni rad etgan. Guruh vakili Islomoboddagi portlaşga ham özlarining aloqasi yöqligini bayon qilgan.