Ukraina AQŞ prezidenti ma’muriyati bosimi ostida joriy yilning 15 mayiga qadar prezidentlik saylovlari va Rossiya bilan tinçlik kelişuvi böyiça referendum ötkazişni rejalaştirişni boşlagan. Bu haqda Britaniyaning Financial Times gazetasi xabar berdi.
FT jurnalistlari bilan anonim tarzda suhbatlaşgan rasmiylarga köra, Zelenskiy 24 fevral kuni, Rossiyaning keng kölamli bosqini boşlanganiga tört yil tölgan kunda prezidentlik saylovlari va referendum ötkaziş rejasini e’lon qilmoqçi.
Gazeta suhbatdoşlarining sözlariga köra, Donald Tramp ma’muriyati tinçlik muzokaralarini bahorda yakunlaş maqsadida Kiyevga jiddiy bosim uyuştirmoqda va aks holda Ukraina AQŞ taqdim etadigan «xavfsizlik kafolatlaridan mahrum bölişi» bilan qörqitmoqda. Tramp Kiyevga xavfsizlik kafolatlari – «Donbass böyiça yon berişni talab qilişi mumkin bölgan» va Vaşington 15 maygaça yakunlamoqçi bölgan kengroq tinçlik kelişuviga erişişga boğliqligini bildirgan, deya yozadi naşr.
AQŞning xavfsizlik kafolatlari Donbassni Rossiyaga topşirişni nazarda tutuvçi kelişuv bilan boğliqligi haqida FT yanvar oyi oxirida ham yozgan edi. Reuters esa öz manbasiga tayanib, Rossiya bilan tinçlik kelişuvlariga erişişni Kiyev AQŞdan xavfsizlik kafolatlarini olişi uçun zarur şart deb atagandi.
FT Zelenskiyning yaqinda bergan bayonotlari ham bunga mos kelişini qayd etgan. 4–5 fevral kunlari Abu-Dabida Ukraina, Rossiya va AQŞ vakillarining uçtomonlama uçraşuvidan keyin Zelenskiy Amerika tomoni uruşni iyunga qadar yakunlamoqçi ekani va şundan keyin bor e’tiborini noyabr oyida bölib ötadigan oraliq saylovlarga qaratişi, şu tufayli «uşbu grafik muvofiq tarzda» bosim ötkazişi mumkinligi haqida gapirgandi. Öşanda Zelenskiy Rossiya Ukraina qurolli kuçlarini Donbassdan olib çiqişni talab qilişda davom etayotgani, ammo Kiyev «qayerda turgan bölsak, öşa yerda qolamiz» prinsipiga amal qilişni taklif etayotganini qayd etgandi.
Zelenskiyga yaqin manbalarning sözlariga köra, u va uning jamoasi uruş davrida saylovlarni eng qisqa vaqt içida ötkazişning murakkabliklariga qaramay, Oq uyga bunday grafikka tayyorligini bildirgan.
Ukraina va Yevropa rasmiylariga köra, Zelenskiy 24 fevral – uruşning tört yilligi kunida saylovlar va referendum ötkazilişi haqida e’lon qilmoqçi. Biroq FT manbalari fikriça, AQŞ bu grafikka rioya qilişi va öz ultimatumida qat’iy turişi dargumon, çunki uruşning tugaşi bir qança omillarga, jumladan, Vladimir Putin bilan tinçlik kelişuviga erişiş imkoniyatlariga boğliq.
Ukrainada saylov ötkaziş – Moskvaning AQŞning yangi ma’muriyati bilan muzokaralardagi dastlabki talablaridan biri edi. Ukraina va Yevropadagi köplab siyosatçilar hamda şarhlovçilar fikriga köra, Moskva uruş davridagi saylovlar Ukrainani içkaridan yanada beqarorlaştiradi, deb hisoblamoqda.
FT jurnalistlari agar Ukraina haqiqatan ham saylovlar ötkazişga rozi bölsa, bu Zelenskiy tomonidan jiddiy yon beriş bölişini ta’kidlaydi – çunki u bir neça bor mamlakatda harbiy holat davom etayotgan, millionlab ukrainlar uruşdan mamlakat ğarbi va xorijga qoçib ketgan, mamlakat hududining taxminan 20 foizi Rossiya tomonidan bosib olingan şaroitda saylovlar ötkaziş mumkin emasligini aytgandi.
Zelenskiyning ofisi FT naşrining bu masaladagi sörovini izohsiz qoldirgan. «RBK-Ukraina»ning Zelenskiy jamoasidagi manbasi esa material e’lon qilinganidan keyingi munosabatida şunday degan: «Xavfsizlik ta’minlanmas ekan, saylovlar haqidagi e’lon ham bölmaydi».
«Ukrinform» davlat agentligi ham prezident ofisidagi manbasining sözlarini keltiradi: «Agar rossiyaliklar har kuni öldirayotgan bölsa, qanday qilib yaqin haftalarda saylovlarni e’lon qiliş yoki jiddiy körib çiqiş mumkin. Saylovga heç kim qarşi emas, lekin xavfsizlik bölişi kerak».
Zelenskiy ofisi rahbari maslahatçisi Mixaylo Podolyak ham Breakfast Show kanaliga bergan intervyusida saylovlar kuni e’lon qilinişiga şubha bildirdi hamda saylovlar ötkaziş – uruşning faol bosqiçi va raketa-dron zarbalarini töxtatişni talab qilişini aytdi. «Agar uruşning faol bosqiçi yakunlanmasa, odamlar nomzod böliş huquqidan ham foydalana olmaydi», dedi Podolyak. Bundan taşqari, Ukrainadagi hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda ovoz beriş tizimini töliq qayta quriş kerak va buning uçun mablağ talab etiladi.













