Jahon | 10:25 / 23.02.2026
1838
3 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York meri qishki bo‘ron sabab transport harakatini taqiqladi

Nyu-York meri Zoxran Mamdani shaharga yaqinlashayotgan qor bo‘roni sabab favqulodda holat rejimi joriy qildi va “muhim ahamiyatga ega bo‘lmagan transport” harakatini 15 soatga taqiqladi. 23 fevral kuni Nyu-Yorkda davlat maktablari ham ishlamaydi.

Foto: Ryan Murphy/Getty Images/AFP

AQShning shimoli-sharqida qor bo‘roni boshlanishi sabab Nyu-York meri Zoxran Mamdani shaharda favqulodda holat rejimini joriy qildi va yakshanba, 22 fevral kuni soat 21:00 dan dushanba kuni soat 12:00 gacha “muhim ahamiyatga ega bo‘lmagan transport” harakatini to‘liq taqiqladi. Bu haqda shahar hukumati saytida xabar qilindi.

Transport harakatini cheklash haqidagi qaror “favqulodda xizmatlar xodimlarining xavfsiz va tez harakatlanishini ta’minlash” maqsadida qabul qilingan. U, xususan, jamoat transportiga, shuningdek dori-darmon va tibbiy jihozlar, oziq-ovqat, yonilg‘i yetkazib beruvchi avtomashinalarga, kommunal va boshqa “muhim” xizmatlar texnikasiga taalluqli emas.

23 fevral kuni Nyu-Yorkda davlat maktablari ham ishlamaydi. Shu bilan birga, ularning ayrimlarida isinish punktlari ochiladi. Mamdanining aytishicha, so‘nggi 10 yil ichida shahar bu qadar kuchli bo‘ronga duch kelmagan.

AQSh Milliy meteorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shimoli-sharqiy hududlarda qor soatiga 5–7,5 sm tezlikda yog‘ishi mumkin, shamol tezligi esa 110 km/soatgacha yetishi taxmin qilinmoqda. Yaqinlashayotgan noqulay ob-havo sabab Massachusets, Konnektikut, Delaver, Nyu-Jyersi va Rod-Aylend shtatlarida ham favqulodda holat rejimi joriy etildi.

Bundan tashqari, bir qator shtatlarda safarga chiqishga cheklovlar yoki taqiqlar kiritilgan, minglab aviareyslar bekor qilingan. Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, bo‘ron va kuchli shamollar tufayli elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin.

Yangi qor bo‘roni AQShning shimoli-sharqiga mamlakatda “Fern” nomli qishki bo‘ron oqibatida kamida 100 kishi halok bo‘lganidan bir necha hafta o‘tib yopirilmoqda. U “so‘nggi 100 yildagi eng qudratli bo‘ronlardan biri” sifatida qayd etilgan edi. Shunda bo‘ron oqibatlari u yoki bu tarzda AQShning 220 mlndan ortiq aholisiga ta’sir qilgani aytilgan.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid