Davlat rahbari dastlab suv xo‘jaligida mahalliylashtirilgan texnika va uskunalar taqdimoti bilan tanishdi. Ta’kidlanishicha, suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda fermer va aholining talabini tezkor ta’minlash mumkin.
Prezident bu yo‘nalishga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
“Tomorqa maktabi” aholini o‘z tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini joriy etish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rgatishga ixtisoslashgan. Muassasa banklarning moliyaviy ko‘magi asosida faoliyat yuritmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi — ishsiz va kam ta’minlangan oilalarni barqaror daromad manbaiga ega qilish. Bu jarayonda dehqonchilikning ilmiy asoslari, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish texnologiyalari va zamonaviy tomorqachilik usullari amaliy tarzda o‘rgatilmoqda.

Innovatsion maktab Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarini qamrab olgan. Uning tarkibida o‘quv binosi, uch gektar issiqxona va uch gektar o‘quv-tajriba maydoni mavjud.
Issiqxonada Surxondaryo iqlimiga moslashtirilgan banan, papayya, rozmarin, lavanda, limon, anjir, brokkoli, bulg‘or qalampiri va boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, ko‘chatchilik va gulchilik yo‘lga qo‘yilgan, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan.
Maktabda bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti o‘qitilmoqda. O‘quv jarayoniga olimlar, mutaxassislar va tajribali dehqonlar jalb etilgan.

Hozirga qadar 1300 nafarga yaqin ishsiz va kam ta’minlangan fuqaro maxsus kurslarni tugatib, o‘z tomorqasi yoki ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali o‘zini o‘zi band qilgan. Hokim yordamchilari har oyda 220 nafardan, yiliga 2700 nafargacha yer egalarini o‘qishga yo‘naltirmoqda. Tinglovchilarning o‘qish xarajatlari yo‘llanma yoki vaucher tizimi orqali qoplab berilmoqda.
Kurs ishtirokchilariga yuqori daromadli ekinlar ekish va bir sotix yerdan o‘rtacha 10–15 million so‘m daromad olish metodikasi amaliyotda ko‘rsatilmoqda. “Agrostar” kompaniyalari esa tinglovchilarni urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlab, yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilishni tashkil etadi.








