Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahriga amaliy tashrif doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qayd etilishicha, joriy yil boshidan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tomonlar oʻzaro savdoning ijobiy dinamikasini saqlab qolish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, shuningdek, hududlararo aloqalarni faol davom ettirish muhimligi taʼkidladi.

Shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni kelgusida ham kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, yetakchilar ikki tomonlama va koʻp tomonlama formatlardagi boʻlajak tadbirlar rejasini ham muhokama qildi.