Davlat rahbari maktab ostonasiga katta orzu-intilishlar bilan qadam qoʻyayotgan 800 ming nafarga yaqin oʻgʻil-qizlar, ularning ota-onalari va pedagoglar jamoatchiligiga ezgu tilaklar bildirdi.

Prezident yangi oʻquv yili mamlakatning butun taʼlim tizimida, maktab, litsey, texnikum va oliygohlar hayotida yangi maʼrifiy yuksalish yili boʻlishini tiladi.

Shavkat Mirziyoyev taʼlim-tarbiya sohasida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida Yangi Oʻzbekiston maktablari yangicha qiyofa kasb etayotgani va taʼlim sifati takomillashib borayotganini taʼkidladi.

Uning qayd etishicha, oʻqish, kasbiy taʼlim, IT, ijodiy izlanishlar, sport va jamoat ishlarida dastlabki yutuqlarga erishayotgan yoshlar - mamlakatning nurli kelajagi va oltin fondidir.

«Bunday bilimli, zukko, tirishqoq va intiluvchan, saflari yil sayin kengayib borayotgan farzandlarimiz timsolida biz Uchinchi Renessans nihollarini koʻramiz», - dedi prezident.

Davlat rahbari taʼlim-tarbiya sohasini rivojlantirishga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratilishini bildirdi. Maktabni tamomlab, katta hayotga yoʻl olayotgan yoshlar puxta bilim bilan birga kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Bu maqsadda hududlarda «Kasblar shaharchasi» tashkil etilib, ularga zamonaviy tajriba va ilgʻor mutaxassislar jalb etiladi.

Prezident yoshlarga murojaatida bilim inson hayotidagi eng muhim boylik ekanini taʼkidladi.

«Sizlarga baxtli va saodatli hayot eshiklarini ochadigan kalit ham, umr yoʻllaringizda paydo boʻladigan murakkab savollarning yechimi, sinov va mashaqqatlarni yengib oʻtishning kafolati ham faqat bilim, bilim va bilimdir», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

U yoshlarni goʻzal yoshlikning har bir daqiqasini qadrlashga, yangi ilm, gʻoya va innovatsiyalarni, kasb va hunarlarni puxta egallashga chaqirdi.

Shuningdek, yoshlarga ona tili, milliy tarix va madaniyat, jahon tarixi hamda xorijiy tillarni chuqur oʻrganish, doimo izlanish va harakat qilish zarurligi taʼkidlandi.

«Ajdodlarimizdan meros boʻlgan tabarruk zaminimizni butun qalbingiz, yuragingiz bilan seving, xalqimiz va Vatanimizga cheksiz sadoqat tuygʻulari bilan yashang!» - dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarni mehribon ustozlari va ota-onalarini eng yaqin doʻst hamda maslahatchi deb bilishga chaqirdi.