So‘nggi yillarda arxitektorlar kuzatuv maydonchalarini faqat panorama tomosha qilinadigan nuqta sifatida emas, balki mustaqil san’at asari sifatida yaratishga intilmoqda. Shu bois dunyodagi ko‘plab kuzatuv minoralari o‘zining g‘ayrioddiy shakli va muhandislik yechimlari bilan ham mashhur.

Daniyadagi Marsk Tower ana shunday inshootlardan biri hisoblanadi. BIG arxitektura byurosi tomonidan qurilgan 25 metr balandlikdagi minora YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Vadden dengizi milliy bog‘i hududida joylashgan. Korten po‘latidan yasalgan inshoot shakli ikki qavatli DNK spiralini eslatadi.

Shveytsariyadagi Titlis Tower esa 1980-yillarda qurilgan telekommunikatsiya minorasini zamonaviy sayyohlik obektiga aylantirish orqali barpo etilgan. Herzog & de Meuron byurosi muhandislari minoraga konsol ko‘rinishidagi hajmlar va yangi vertikal bloklarni qo‘shib, sanoat uslubini Alp tog‘lari manzarasi bilan uyg‘unlashtirgan.

Xitoyning Tibet hududidagi Nujiang River 72 Turns Canyon Scenic Area kuzatuv maydonchasi esa daryo uzra 130 metr balandlikda osilib turgan shisha platformasi bilan mashhur. Uning shakli yaqindagi mashhur tog‘ serpantinini takrorlaydi.

Yana bir Xitoy loyihasi — The Nomadsʼ Beacon Tower ko‘l o‘rtasida yolg‘iz turgan minora sifatida diqqatni tortadi. Yoz faslida suv sathi ko‘tarilganda unga olib boruvchi yo‘l suv ostida qoladi va inshoot go‘yoki ko‘l bag‘rida suzib turgan yodgorlikka aylanadi.

Xitoydagi Pujiang Platform loyihasida esa yer bilan uyg‘unlashgan gumbazsimon pavilon qurilgan. Arxitektorlar bino ichida pol va shift sathini o‘zgartirish orqali tashqaridan ko‘rinadigan katta panoramali derazaga qarashni yanada ta’sirchan qiluvchi «teleskopik» effektga erishgan.









