Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston xavfsizlik va himoya texnologiyalari bo‘yicha Yevropa bozorida o‘zini namoyish etdi
Electronic Autonomous Solutions (EAS) kompaniyasi Parijdagi Eurosatory 2026 ko‘rgazmasida o‘z ishlanmalarini taqdim etdi va Fors ko‘rfazi, Afrika, Janubiy Osiyo, shuningdek, Meksika mamlakatlaridan bo‘lgan hamkorlar bilan bir qancha kelishuvga erishdi.
Eurosatory 2026 - 1967 yildan beri Parijda o‘tkazib kelinayotgan, dunyodagi eng yirik va eng qadimiy bo‘lgan quruqlik va havo xavfsizligi tizimlari ko‘rgazmalaridan biri bo‘lib, unda Electronic Autonomous Solutions (EAS) kompaniyasi o‘zining tizimlarini taqdim etdi.
Joriy yilning 15–19 iyun kunlari o‘tkazilgan ushbu ko‘rgazmada 2 000 dan ortiq kompaniyalar hamda 60 dan ortiq davlatdan 350 dan ziyod rasmiy delegatsiyalar ishtirok etdilar.
Electronic Autonomous Solutions kompaniyasi UUAlarni aniqlash va zararsizlantirish tizimlari qatorida Hard Kill sinfidagi yechimni namoyish etdi (dronni jismonan zararsizlantirish yoki tutib olish texnologiyasi - signalga “yumshoq” radiobosim berishdan farqli o‘laroq) - EAS ijrochi direktori Dilshod Muradovning so‘zlariga ko‘ra, aynan ushbu yechim xorijiy delegatsiyalarning katta qiziqishini uyg‘otdi.

“Eurosatory 2026’da ishtirokimiz EAS mahsulotlarining global bozordagi raqobatbardoshligini tasdiqladi va aynan Hard Kill yechimiga bildirilgan alohida qiziqish biz to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanayotganimizni ko‘rsatdi”, - dedi Dilshod Muradov.
Besh kun davomida Dilshod Muradov, Bexzod Sulaymonov va Hakim Bahramovdan iborat EAS delegatsiyasi xorijiy hamkorlar va tegishli idoralar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdilar. Texnologiyalar transferi bo‘yicha muzokaralarda Fors ko‘rfazi, Afrika, Meksika hamda Janubiy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan kompaniyalar eng faol ishtirok etdi - ularning bir qismi bilan qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish uchun tegishli shartnomalar allaqachon imzolandi.

“Bunday darajadagi ko‘rgazmada O‘zbekistondan birinchi kompaniya sifatida bizning mamlakatimizning muhandislik maktabi, dunyodagi eng talabchan bozorda raqobatlasha olishini ko‘rsatish biz uchun muhim edi», — deb ta’kidladi EAS vakillari.
Ma’lumot uchun: EAS - O‘zbekistondagi uchuvchisiz uchuvchi apparatlariga (UUA) qarshi tizimlar (C-UAS) bo‘yicha sertifikatlangan ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Kompaniya to‘liq sikldagi kompleks yechimlarni: RF sensor (dron va uning boshqaruv pulti o‘rtasidagi radiosignal orqali uni aniqlaydi) va EO/IR (dronni vizual va issiqlik diapazonida, jumladan, tunda ham “ko‘radigan” optik-elektron va infraqizil kameralar) texnologiyalariga asoslangan aniqlash tizimlari qatorini, dronlarga bosim berish vositalarini hamda Hard Kill sinfidagi yechimlarni ishlab chiqaradi.