Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent xalqaro moliya markazi uchun maxsus huquqiy rejim joriy etiladi
O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, markaz uchun maxsus huquqiy rejim joriy etiladi, uning rasmiy tili ingliz tili etib belgilanadi.
«Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, markaz alohida huquqiy maqomga ega hudud hisoblanadi. Uning dastlabki chegaralari Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi prezident farmoni bilan belgilanadi.
Qonunning asosiy maqsadi markazning huquqiy maqomini belgilash, uning hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimni joriy etish hamda moliya markazi faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Hujjatga muvofiq, Moliya markazining har bir qarori kuchga kirishidan oldin uning rasmiy reyestrida e’lon qilinishi shart.
Shuningdek, qonun talablariga yoki Moliya markazi qarorlariga zid ravishda tijorat yoki moliyaviy faoliyat yuritgan ishtirokchilarga 10 million AQSh dollarigacha, yoki qoidabuzarlikka sabab bo‘lgan bitim yoki faoliyat qiymatining 10 foizidan oshmaydigan miqdorda jarima qo‘llanilishi mumkin.
Qonunga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazining organlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
-
Moliya markazi kengashi;
-
Moliya markazi ma’muriyati;
-
Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi;
-
Toshkent xalqaro tijorat sudi.
Bundan tashqari, markazning har bir organi moliya yili yakunlanganidan keyin to‘rt oy ichida yillik shaffoflik hisobotini e’lon qilishi lozim.
Hujjatga muvofiq, ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili etib belgilangan.
Konstitutsiyaviy qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.