Bugun, 20-avgust kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida barpo etilgan 20 MVt quvvatga ega Chorbog‘ shamol elektr stansiyasining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Tzyun (Yu Jun) janoblari, savdo-sanoat palatasi hamda mutasaddi energetika va qurilish kompaniyalari vakillari, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari hamda mas’ul xodimlari, Toshkent viloyati va Bo‘stonliq tumani hokimligi vakillari, hududiy faollar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, o‘zaro ishonch va samarali hamkorlikning yana bir yorqin natijasi bo‘ldi. Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy Hukumati tomonidan 28 million AQSh dollari miqdoridagi beg‘araz grant mablag‘i ajratildi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan loyihani amalga oshirish bo‘yicha barcha tashkiliy, texnik va muhandislik ishlari belgilangan rejalar asosida bosqichma-bosqich olib borildi. Qurilish-montaj ishlari, elektr tarmoqlariga ulash, muhandislik infratuzilmasini tayyorlash hamda zamonaviy shamol turbinalarini o‘rnatish ishlari to‘liq yakunlandi.

Bugungi kunda Chorbog‘ shamol elektr stansiyasi foydalanishga to‘liq tayyor holga keltirildi va mamlakatimiz hayotidagi eng aziz va eng ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga munosib tuhfa sifatida ishga tushirilmoqda.

Loyiha doirasida har biri 5 MVt quvvatga ega bo‘lgan 4 ta zamonaviy shamol turbinasi o‘rnatildi. Stansiyaning umumiy quvvati 20 MVtni tashkil etib, u yiliga 50 million kVt·soatgacha ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Bu esa qariyb 20 mingta xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, elektr tarmoqlari yukini kamaytirish hamda mamlakatimiz energetika tizimi barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, stansiya faoliyati natijasida har yili yuz minglab kub metr tabiiy gaz va minglab tonna ko‘mir tejaladi, atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmi sezilarli darajada qisqaradi. Bu esa mamlakatimizning ekologik barqarorlikni ta’minlash, uglerod izini kamaytirish hamda xalqaro iqlim majburiyatlarini bajarishga qaratilgan sa’y-harakatlariga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Eng muhimi, mazkur inshoot mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha “O‘zbekgidroenergo” AJning ko‘p yillik izchil sa’y-harakatlarining mantiqiy davomi hisoblanadi. Zero, aynan ushbu jamiyat mamlakatimizda shamol energetikasi bo‘yicha ilk amaliy qadamlarni tashlagan tashkilot sifatida ushbu sohada muhim tajriba maktabini shakllantirgan.

Tadbir doirasida “Shamol elektr stansiyasi – yosh musavvirlar nigohida” nomli tanlovda ishtirok etgan P. Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabining bir guruh bitiruvchi yosh musavvirlari ijodiy ishlari baholanib, Jamiyatning qimmatbaho esdalik sovg‘alari hamda faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.