Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Bojxona va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Marhamat tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida 1993-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, muqaddam narkokurerlar tomonidan dala maydonidagi xufiya joyga 1 kg 986 gramm «gashish» moddasi qoldirib ketilgan. Mazkur fuqaro giyohvandlik moddasini o‘z qarindoshi orqali qabul qilib olayotgan vaqtda ushlangan.

Tezkor tadbir davomida 1 kg 986 gramm «gashish» ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.