Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga tegishli toʻrtta neftni qayta ishlash zavodidan uchtasi dron zarbalari oqibatida ishini toʻxtatgan. Bu haqda 26-avgust kuni Reuters agentligi uchta manbaga tayanib xabar berdi.

Nijniy Novgorod viloyatining Kstovo shahridagi obyektlarga tungi hujumdan keyin «Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez» zavodi ham faoliyatini toʻxtatgan. U Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi boʻyicha toʻrtinchi yirik zavod, benzin ishlab chiqarish boʻyicha esa ikkinchi oʻrinda turadi.

Korxona yiliga qariyb 15 mln tonna neftni qayta ishlash va taxminan 5 mln tonna benzin ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Reuters manbasining maʼlum qilishicha, dronlar hujumi oqibatida zavoddagi bir nechta texnologik qurilma, sexlararo kommunikatsiyalar hamda umumzavod obyektlari shikastlangan. Shu sababli korxona faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Zavodni taʼmirlash va ishlab chiqarishni qayta yoʻlga qoʻyish uchun qancha vaqt talab qilinishi hozircha maʼlum emas.

Kstovodagi zavoddan tashqari, «Lukoyl»ning Volgograddagi neftni qayta ishlash korxonasi ham 31-iyulga oʻtar kechasi sodir boʻlgan hujumdan keyin ishini toʻxtatishga majbur boʻlgan edi.

Kompaniyaning Permdagi NQZ esa 21-avgustga oʻtar kechasi amalga oshirilgan hujumdan keyin faoliyatini toʻxtatgan.

Shu tariqa, ayni paytda «Lukoyl»ning Rossiyadagi toʻrtta neftni qayta ishlash zavodidan faqat bittasi - «Lukoyl-Uxtaneftepererabotka» ishlashda davom etmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning turli hududlaridagi neftni qayta ishlash obyektlariga muntazam ravishda dronlar bilan zarba bermoqda.

Jumladan, 25-avgustga oʻtar kechasi Rostov viloyatidagi obyektlarga hujumlardan keyin mahalliy hokimiyat Novoshaxtinsk shahridagi neftni qayta ishlash korxonasiga zarar yetganini maʼlum qildi. Oqibatda ushbu zavod ham ishini toʻxtatishga majbur boʻlgan.

Bundan tashqari, iyul oyi oxiridagi hujumdan keyin Tyumendagi neftni qayta ishlash zavodi ham vaqtincha faoliyatini toʻxtatgan edi. Reuters manbalariga koʻra, zarba natijasida korxonada dizel yonilgʻisini gidrotozalash qurilmasida yongʻin chiqqan.

Shuningdek, yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishga moʻljallangan kompleks qurilma ham ishdan chiqqan boʻlishi mumkinligi xabar qilingan.