Bu haqda Britaniyaning FStech portalida Özbekistonning 2030-yilga qadar Markaziy Osiyoning yetakçi moliyaviy texnologiyalar - fintex markaziga aylaniş rejalariga bağişlangan maqolada söz boradi, deb xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Maʼlum qilinişiça, Markaziy bank raisi Timur Işmetov Toşkentda ötkazilgan Silk Road Finance & Technology Forum doirasida Özbekistonning fintex sohasini rivojlantiriş böyiça tört yillik rejasini taqdim etgan.

Strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri - 2030-yilga qadar mamlakat fintex sohasiga 1 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qiliş.

Şu bilan birga, moliyaviy texnologiyalarni tartibga soliş tizimini takomillaştiriş va raqamli moliya sohasida yangi taşabbuslarni amalga oşiriş rejalaştirilgan.

Xususan, 2026–2027-yillarda yangi moliyaviy instrumentlarni sinovdan ötkaziş imkonini beruvçi takomillaştirilgan tartibga soliş tizimini işga tuşiriş közda tutilmoqda.

Bundan taşqari, 2026-yilning törtinçi çoragida innovatsion xab faoliyatini yölga qöyiş rejalaştirilgan. U fintex loyihalarini rivojlantiriş va yangi moliyaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etiş uçun maydon vazifasini bajarişi kutilmoqda.

Materialda Özbekiston Markaziy banki raqamli milliy valyuta böyiça ham sinovlar ötkazayotgani qayd etilgan.

Uşbu sinovlar natijalarini yaqin vaqt içida taqdim etiş rejalaştirilmoqda.

Strategiya Özbekistonning raqamli moliya bozorini rivojlantiriş, xorijiy investitsiyalarni jalb qiliş va mamlakatni 2030-yilga qadar Markaziy Osiyodagi yetakçi fintex markazlaridan biriga aylantirişga qaratilgan.