«Chizilgan gʻalabalar». Rossiya harbiylari sunʼiy intellekt orqali frontdagi «yutuq»larni qanday yasamoqda?
|17:195 6109 min
Rossiya armiyasi boʻlinmalari frontdagi «ilgarilashi»ni koʻrsatishi kerak boʻlgan soxta fotosuratlar va videoyozuvlarni yaratish uchun sunʼiy intellekt vositalaridan faol foydalana boshladi.
Foto: BBC UkrainaFoto: BBC Ukraina
BBC Ukraina xizmatining Ukraina qurolli kuchlari qoʻmondonligi orasidagi manbalari bu tendensiyani tasdiqlamoqda. Shu bilan birga, ular hozirda Rossiya qoʻshinlarining asosiy taktikasi «infiltratsiya» ekanini qayd etgan. Bu ikki-uch, baʼzida toʻrt-besh nafar jangchidan iborat alohida guruhlar Ukraina pozitsiyalari ortiga oʻtishi, biror bino yoki boshpanaga yashirincha joylashishi va biroz oʻtgach, dron kamerasi qarshisida Rossiya bayrogʻini koʻtargan holda koʻrinish berishini nazarda tutadi.
Shunday kadr olinganidan keyin Rossiya mudofaa vazirligi mazkur aholi manzilini «bosib olingan hududlar» roʻyxatiga kiritadi – holbuki, Ukraina qidiruv-zarbdor guruhlari bu hududga kirib olgan kam sonli dushman harbiylarini tezda yoʻq qiladi.
Kichik shturm guruhlari doim ham belgilangan manzilga yetib kela olmaydi. Bunday holatlarda rus harbiylari soxtalashtirishga murojaat qilmoqda. Ular sunʼiy intellekt yordamida oʻz jangchilarini goʻyoki egallab olingan qishloq yoki shaharda turgan holatini «chizadi».
Sunʼiy intellekt yordamida Svyatogorsk foniga «qoʻyilgan» rus askari
«Shunda rossiyalik harbiylar front chizigʻidan 7-10 km uzoqlikda joylashgan qishloqlarni „olgani“ maʼlum boʻladi. Aslida esa bu qishloqlarning yaqiniga ham yoʻlamagan boʻlishadi», – deydi BBC bilan suhbatda Sumi yoʻnalishida xizmat qilayotgan ukrain harbiysi.
Rossiya qoʻshinlari «ilgarilagani» haqidagi bunday soxta xabarlar Donetsk, Xarkiv, Zaporijjya va Liman yoʻnalishlaridan ham eʼlon qilingan. Rossiyalik askar Svyatogorsk aholi punktida «turgani» namoyish etilgan video bunga yaqqol misol boʻla oladi. 1-sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu shaharcha bosib olinganini eʼlon qilgandi.
Kadrlarda sunʼiy intellekt belgilarini yaqqol koʻrish mumkin – yuzi niqoblangan askar Svyatogorsk koʻchalaridan biri aks etgan suratga montaj qilib qoʻshib qoʻyilgan.
Amerikaning Urushlarni oʻrganish instituti (ISW) tahliliy markazi bu mavzuni oʻrganib chiqdi va soʻnggi oylarda rossiyalik harbiylar va blogerlar tomonidan Rossiya armiyasining «muvaffaqiyatlari» haqidagi oʻnlab videolar eʼlon qilinganini aniqladi.
ISW hisobotida nimalar deyilgan?
ISW mutaxassislari fikricha, bunday fotosuratlar va videolar Rossiya frontda tashabbusga ega degan taassurot uygʻotish va vaziyatni Ukraina mudofaa chizigʻi butun harbiy harakatlar maydoni boʻylab qulayotgandek koʻrsatish uchun tayyorlanmoqda.
Mavzuga oid
«Sunʼiy intellekt yordamida tahrirlangan videomateriallarni yaratish – keng koʻlamli, markazlashtirilgan yoki standartlashtirilgan harbiy amaliyot emas, balki Rossiyaning alohida harbiy muxbirlari va muayyan boʻlinmalari tashabbusi boʻlib koʻrinmoqda», – deyiladi xabarda.
ISW maʼlumotlariga koʻra, Rossiyadagi manbalarda sunʼiy intellekt yordamida qayta ishlangan bunday videolarni yoppasiga eʼlon qilish 2026-yil iyun oyidan boshlangan.
2026-yil 1-iyundan 2026-yil 30-avgustgacha boʻlgan davrda ISW sunʼiy intellektdan foydalanilgani gumon qilingan kamida 35 ta videoni aniqladi. Bunday kontentni aniqlash uchun bozorda mavjud boʻlgan dasturiy taʼminot (yuqori darajadagi ishonch bilan) kamida 10 ta video sunʼiy intellekt yordamida oʻzgartirilganini qayd etgan.
Sunʼiy intellektni aniqlash vositalari cheklangani hisobga olinsa, bunday videolarning haqiqiy soni koʻproq boʻlishi mumkin: bunday dasturlar har doim ham tajribali kuzatuvchi uchun aniq boʻlgan oʻzgarishlarni payqay olmaydi.
ISW birinchi marta 2026-yil 11-iyun kuni sunʼiy intellekt yordamida oʻzgartirilgan (Rossiya bayroqlari aks etgan) videolarni qayd etgan va shu oy oxiriga kelib, Rossiyadagi manbalari sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan boʻlishi mumkin boʻlgan kamida sakkizta shunday videoni eʼlon qilgan.
Institut qayd etishicha, Rossiyadagi manbalar iyul va avgust oylarida mos ravishda 13 va 14 ta shunday videoni eʼlon qilgan.
Xarkiv oblastining Beliy Kolodez qishlogʻida Rossiya qoʻshinlari mavjudligi tasvirlangan sunʼiy intellekt videosidan kadr
ISW Rossiya harbiylari Ukrainadagi gʻalabani muqarrar deb koʻrsatish uchun kognitiv urush kampaniyasi doirasida sunʼiy intellekt yordamida qayta ishlangan materiallardan foydalanayotganini qayd etgan.
Sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan tijoriy kontentni aniqlash dasturi tahlil qilingan videolar Sora va Seedance modellari yordamida yaratilganini koʻrsatadi.
Sora va Seedance – generativ AI modellari boʻlib, kiritilgan matn yoki maʼlumotnomalar asosida videolar yaratadi.
Sora 2024-yilda Amerikaning sunʼiy intellektga ixtisoslashgan OpenAI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Seedance esa 2025-yilda Xitoyning sunʼiy intellekt va ijtimoiy tarmoqlar sohasida faoliyat koʻrsatuvchi ByteDance kompaniyasi tomonidan yaratilgan.
Feyk videolarga misollar
27-iyul kuni Rossiyadagi «Divgen» harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanali Xarkiv oblastining Beliy Kolodez posyolkasining sharqiy chekkasida rossiyalik harbiy xizmatchi bayroq hilpiratayotgani aks etgan videoni eʼlon qildi.
Rossiya va Ukrainadagi manbalar video sunʼiy intellekt yordamida tahrirlanganini xabar qilishgan – videoda rossiyalik harbiy xizmatchi atrofdagi daraxtlar bilan teng qilib qoʻyilgan va u kutilmaganda kadrdan gʻoyib boʻladi.
Rossiya mudofaa vazirligi 3-avgust kuni ushbu aholi punkti egallangani haqida xabar berdi.
24-avgust kuni Rossiyaning «Vostok» qoʻshinlari guruhi hududidan tez-tez kadrlar eʼlon qilib turadigan Voin DV taxallusli Z-bloger Zaporijjya oblastidagi Dolinka qishlogʻida xuddi shunday tana proporsiyalari buzilgan rossiyalik harbiy xizmatchilar bayroqlarni koʻtarayotgani aks etgan videoni (unda askarlar atrofdagi binolar bilan solishtirganda juda yirik koʻrinadi) eʼlon qildi.
Rossiya mudofaa vazirligi shu kuniyoq ushbu qishloq egallanganini eʼlon qiladi.
ISW Rossiyadagi manbalar sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan yoki oʻzgartirilgan harbiy xizmatchilarni kadrda koʻrish vaqtini qisqartirish va shu tariqa anomaliyalarni aniqlashni qiyinlashtirish uchun oʻz videolarida panoramalash (manzarani keng burchak ostida koʻrsatish) va zumdan (yaqinlashtirib koʻrsatish) foydalanayotganiga eʼtibor qaratadi.
Ushbu texnologiya yordamida tahrirlangani taxmin qilingan videolarda montaj, tartibsiz yaqinlashtirish yoki panoramalash, shuningdek, tasvirlangan rossiyalik harbiylar va bayroqlar atrofidagi soyalardagi nomuvofiqliklar mavjud.
Montaj ikki sahnani bogʻlash uchun ishlatiladi: yirik plandagi bayroq silkitayotgan rus askari va umumiy plandagi aholi punkti.
Aniqlangan anomaliyalar shuni koʻrsatadiki, sunʼiy intellekt modellari hali ham Rossiya harbiylarining ishonchli tasvirlarini yaratishda yoki murakkab sahnalarni animatsiya qilishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Katta ehtimol bilan, Rossiyadagi manbalar sunʼiy intellekt modellari uchun boshlangʻich material sifatida foydalanish maqsadida front yaqinidagi aholi punktlarida kadrlar suratga olishmoqda. Baʼzi harbiy muxbirlar sunʼiy intellekt yordamida qayta ishlangan videolariga lokatsiyani aniqlashni osonlashtirish uchun bayroq koʻtarilgan joyni koʻrsatuvchi xaritalar yoki oriyentirlarni qoʻshgan.
Urushni oʻrganish instituti taʼkidlashicha, bunday videolarda sunʼiy intellekt yordamida manipulyatsiyalarni aniqlash geolokatsiya maʼlumotlarini batafsil tekshirishdan koʻra, tasvirlangan harbiy xizmatchilar yoki bayroqlarni sinchkovlik bilan tahlil qilishni talab qiladi.
Zaporijjya oblastidagi Dolinka qishlogʻining rus qoʻshinlari tomonidan «bosib olinishi» tasvirlari. Videoda odamlar va binolar nisbati buzilganini koʻrish mumkin, bu esa sunʼiy intellektdan foydalanilganini koʻrsatadi.
Institut sunʼiy intellekt yordamida tahrirlangan yoki shunda gumon qilingan videolarda tasvirlangan kamida 10 ta polk va brigada harbiylarini aniqlagan.
Bundan tashqari, bunday videolar Rossiya qoʻmondonligi tomonidan ham hisobotlar uchun ishlatilgan.
27-avgust kuni Rossiya Bosh shtabi boshligʻi Valeriy Gerasimov Rossiya qoʻshinlari Slovyansk-Kramatorsk yoʻnalishida muvaffaqiyatga erishgani va Donetsk oblastidagi Piskunovka qishlogʻini egallab olganini maʼlum qildi.
Sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan tijoriy kontentni aniqlash dasturi Piskunovkadagi rossiyalik harbiylar tasvirlangan bir nechta sahnalar sunʼiy intellekt modellari yordamida oʻzgartirilganini yuqori ishonch bilan aniqladi.
3 va 4-iyul kunlari Rossiya manbalari sunʼiy intellektdan foydalanishda gumon qilingan yoki tasdiqlangan kamida toʻrtta videoni eʼlon qildi, ularda goʻyoki Konstantinovkada bayroqlarni hilpiratayotgan rossiyalik harbiy xizmatchilar tasvirlangan.
Rossiyadagi manbalar Ukraina harbiylarining Aleksandrovsk yoʻnalishidagi tasdiqlangan hududiy muvaffaqiyatlarini «rad etish» uchun ham sunʼiy intellekt yordamida tahrirlangan boʻlishi mumkin boʻlgan videolavhalardan foydalangan.
12-avgust kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina qoʻshinlari Aleksandrovsk yoʻnalishidagi qarshi hujum operatsiyalarini yakunlaganini va 26 ta aholi punktini ozod etganini maʼlum qilgandi.
14-avgust kuni Rossiyadagi manba rossiyalik harbiylar Ukraina qoʻshinlari tomonidan ozod qilingani aytilgan bir nechta aholi punktlarida oʻz pozitsiyalarini ushlab turgani koʻrsatilgan videoni eʼlon qildi.
Sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan kontentni aniqlash dasturi yuqori darajadagi ishonch bilan Novonikolayivka va Zlagoda (Dnipropetrovsk oblasti), shuningdek, Privolniy, Ribniy, Krasnogorsk va Novogrigorovkaning shimoliy qismida (Zaporijjya oblasti) rossiyalik askarlar tasvirlangan sahnalar sunʼiy intellekt modellari yordamida oʻzgartirilganini aniqladi.
Rossiya hukumati sunʼiy intellekt yordamida tahrirlangan harbiy videoyozuvlardan foydalanish holatlariga izoh bermagan.
Prezident Putin Rossiya armiyasi butun front boʻylab ishonchli tarzda oldinga siljiyotganini taʼkidlashda davom etmoqda.