Qonunchilikka koʻra, umumiy foydalanishdagi suv havzalarida taqiqlanmagan qurol va usullar yordamida 5 kg gacha baliqni bepul ovlash mumkin. Bu imkoniyat bekor qilinmaydi va pulli qilinmaydi, deb maʼlumot berdi Baliqchilikni rivojlantirish markazi.
Prezidentning 2026-yil 2-iyuldagi 122-son farmoni asosida joriy etilishi koʻzda tutilgan «Fishermen ID» esa sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm sohasidagi pulli xizmatlarni yagona platformada jamlashga qaratilgan.
Baliq ovlash uchun maxsus sharoit yaratgan xoʻjaliklar oʻz xizmatlarini platformaga ixtiyoriy joylashtirishi mumkin. Foydalanuvchilar esa suv havzasining manzili, sharoitlari, xizmat narxi va boʻsh joylar haqida maʼlumot olib, joyni oldindan band qiladi. Pulli xizmat tanlangan taqdirda toʻlovdan soʻng QR-kodli elektron chek beriladi.
Taʼkidlanishicha, «Fishermen ID» umumiy foydalanishdagi suv havzalarida 5 kg gacha baliqni bepul ovlash tartibiga daxl qilmaydi. Tizim faqat maxsus tashkil etilgan sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm xizmatlaridan foydalanishni qulaylashtirish uchun moʻljallangan.













