Shaxmat quvonchi

Hafta Samarqanddan kelgan quvonchli xabar bilan boshlandi: 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi toʻrt yil ichida ikkinchi marta chempion boʻldi. 27-sentabrdagi soʻnggi turda asosiy raqibimiz Hindiston Vengriya bilan durang oʻynagach, oltin medallar taqdiri hal boʻldi. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminovdan iborat jamoamiz Ukrainani ham 2,5:1,5 hisobida magʻlub etib, turnirni 20 ochko bilan yakunladi. 11 ta uchrashuvning 10 tasida gʻalaba: amaldagi chempion Hindiston, Xitoy va jahon reytingi yetakchisi AQSH ham ortda qoldi.

29-sentabrda prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat jamoalari aʼzolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashdi. “Bizda 2-3 nafar shaxmatchi emas, balki butun boshli kuchli avlod bor”, – dedi davlat rahbari.

Mukofotlar ham salmoqli boʻldi. Olimpiada chempionlarining har biri 200 ming dollar, ularning murabbiylari 50 ming dollardan pul mukofoti oladi. 3-Parashaxmat olimpiadasida bronza medalini qoʻlga kiritgan parashaxmatchilarimizga 50 ming dollardan, murabbiylariga 12,5 ming dollardan beriladi. Bundan tashqari, besh nafar chempion va besh nafar parashaxmatchiga uy-joy va avtomobil, murabbiylar Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuhammadovga esa avtomobil ajratildi.

“Albatta, mashina ham kerak-ku, lekin kelajakda kelinlar uchun uy ham kerak”, – deya hazillashdi prezident.

Shaxmatchilar davlat mukofotlari bilan ham taqdirlandi: Muhiddin Madaminov “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoniga, Abdusattorov, Yoqubboyev va Vohidov “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” unvoniga, Sindarov esa “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga sazovor boʻldi. Soʻnggi uch olimpiadadagi natijalar – Chennayda oltin, Budapeshtda bronza va Samarqandda yana oltin – bu yutuq tasodifiy emasligini koʻrsatadi.

Pedofillarga umrbod qamoq

Haftaning eng ogʻir mavzusi esa jamiyatni larzaga solgan jinoyat boʻldi. Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi davlat bogʻchasida shu bogʻchaning 52 yoshli xoʻjalik ishlari mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan. Ish ustidan nazoratni bosh prokuror oʻz zimmasiga olgan.

27-sentabrda xorijda xizmat safarida boʻlgan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva voqeaga munosabat bildirdi. “Nazarimda, bunday vahshiyona jinoyatlar uchun aslida oʻlim jazosini qoʻllash kerak. Lekin ming afsuski, amaldagi qonunchilikda oliy jazo koʻzda tutilmagan”, – deb yozdi u.