Fidoyilar mahallasidagi uşbu hududda aholiga maişiy xizmat körsatiş obyekti qurilişi uçun yer ajratilgan. Biroq keyinçalik bu yerda köp qavatli turar joy binosi barpo etilişi maʼlum bölgan va «WEST-EAST GROUP» MÇJ tomonidan boşlangan quriliş mahalla aholisi eʼtirozlariga sabab bölgan. Fuqarolar noroziligi ortidan masala sudgaça yetib borgan va 2024-yilda qurilişga asos bölgan hujjatlar bekor qilingan. Şundan söng quriliş işlari töxtatilgan, ammo hududdagi katta kotlovan oçiqligiça qolgan. Hududda katta kotlovan, uning atrofida esa qulayotgan devorlar va qarovsiz maydon qolgan. Aholi ularning arzini xeç kim eşitmayotganidan norozi.
«Biz boşqalardan kammizmi?»
Mahalla aholisining aytişiça, ular turli idoralarga bir neça bor murojaat qilgan. Ammo murojaatlarga berilgan javoblar muammoni hal etişga yordam bermagan.
«Biz ikki yildan beri şu muammo bilan kuraşyapmiz. Javob xatlari keladi, lekin natija yöq. Aslida bu yerda yaşil hudud bölişi kerak edi. Fontanlari, örindiqlari, daraxtlari bilan şinamgina joy taşkil etsa bölardi. Lekin uni imoratga aylantirib yubormoqçi bölişdi. Bizning ham yaxşi, çiroyli joyda yaşaşga haqqimiz bor-ku. Bolalar şöx böladi, mana bu bannerni kesib, içkariga kirib ketişyapti. Devorlari ham omonat holatda. Biz köp narsa söramayapmiz, şu çuqurni kömib berişsa böldi. Nahotki bu qiyin bölsa?» - deydi mahalla aholisidan biri.
Yana bir fuqaro esa quriliş uçun aynan aholi ziç yaşaydigan hudud tanlanganidan norozi.
«Qanday qilib bu yerda şunça bino qurişmoqçi? Yuradigan joy yöq, hududning özi tor. Yer kammi? Bizning ham yaxşi joyda yaşaşga haqqimiz bor», - deydi u.
Fuqarolarning taʼkidlaşiça, avvalroq hududda köp qavatli uy qurilmasligi, bu yerda öyingoh taşkil etilişi haqida vaʼdalar berilgan. Biroq bu rejalar amalga oşmagan.
Kotlovan bolalar uçun xavf tuğdirmoqda
Aholini qurilişning öziga bildirilayotgan eʼtirozlardan taşqari, hozirgi kotlovanning xavfsizlik holati ham taşvişga solmoqda. Ularning aytişiça, hududni örab turgan devorlar bir neça bor qulagan. Kotlovan yaqinida maktab joylaşgani, bolalarning bu yerdan muntazam ötişi esa xavotirni yanada oşiradi. Ayniqsa himoya tösiqlaridagi teşiklar orqali bolalarning kotlovan içiga kirib ketiş ehtimoli bor.
«Devorlar qulayotgani haqidagi rasmlarni ham ilova qilib, tegişli idoralarga murojaat qilganman. Keyin kelib, devorlarni tiklab ketişdi. Lekin kotlovanning özi hali ham oçiq. Yaqinida maktab bor, bolalar yuradi. Maşinalar ham köp ötadi. Devor yölning çekkasigaça kelib qolgan, istalgan vaqtda ağdarilişi mumkin. Hozir yoğingarçilik ham bölyapti. Bu juda xavfli», - deydi mahalla raisi.




