Toshkentda bir qancha tadbirkorlar elektr energiyasidagi uzilishlardan aziyat chekyapti. Kun.uz bilan bogʻlangan murojaatchilar soʻzlariga koʻra, ular Sergeli va Yangihayot bekatlari orasidagi yer usti metroning ostida yangi qurilgan binolarda ish boshlashgan. Ammo qariyb ikki oydan beri ularga elektr muammosini hal qilib berishmayapti.

«Metro ostidagi binoni ijaraga olganmiz. Bu yerda «svet» muammo boʻlyapti. Qariyb 2 oydan beri uzilishlar tugagani yoʻq. Sergeli hokimiyatidan odamlar kelib, bir haftada muammoni hal qilib berishadi, deb ketishgandi. Bir oydan oshib ketdi, lekin hech qanaqa oʻzgarish boʻlgani yoʻq. Yoʻq narsaga, sharoitga ijara puli toʻlayapmiz. Yana hojatxona muammosi ham bor», deydi tadbirkor.

Yana bir murojaatchi kechqurun odamlar koʻchaga chiqqanda ishlolmayotgani, doʻkonlarning ichi qorongʻiligidan shikoyat qilyapti.

«Bu yerda doʻkonlar koʻp. Hamma kvadrat metriga qarab ijara puli toʻlaydi. Shaxsan men 500 dollar toʻlashim kerak. Hozirgi kunda «svet» yoʻqligi uchun shu pulni qayerdan olsam ekan, deb oʻtiribman. Amaliy yordam koʻrsatsangiz juda ham xursand boʻlardik», deydi tadbirkor.

Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida «Hududiy elektr tarmoqlari» axborot xizmati bilan bogʻlandi.

«Qurilish firmasi doʻkonlarni qurayotganda vaqtincha ularga elektr energiyasi berib turilgan. Bunda taʼminot faqat qurilish ishlari uchun amalga oshirilgan. Obyektlar bitganidan keyin quruvchi ularni bizga tayyor holda topshirishi kerak. Yaʼni quruvchi qancha elektr taʼminoti kerakligini aniqlashtirib, infrastrukturani yaratib berish kerak. Shu ish qilinmagan. Aholiga ajratilayotgan elektr energiyasidan ularga bera olmaymiz, tizim ortiqcha bosimni koʻtarmaydi. Simlarni qanday va qayerdan ulash muammosi ham bor. Bularning hammasini qurilish firmasi bilan gaplashishimiz kerak», deyiladi rasmiy izohda.