Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Bishkekda oʻtayotgan Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrasharkan, uni yana bir bor Ukraina bilan urushni tugatishga chaqirdi.
“Urushning har bir kuni insoniyatni orqaga tortyapti. Harbiy harakatlarni tugatishga oʻtish kerak”, – deya Modining soʻzlarini keltirdi “Interfaks”.
Hindiston va Rossiya yetakchilari Vladimir Putinning 2025-yil dekabrida Hindistonga amalga oshirgan davlat tashrifidan buyon ilk marta yuzma-yuz uchrashdi. Ular oʻzaro muloqotini shu oy Dehlida oʻtadigan BRIKS sammitida ham davom ettiradi.
Narendra Modi Vladimir Putinni Ukrainadagi urushni toʻxtatishga bundan avval ham omma qarshisida ochiqchasiga daʼvat qilgan.
“Bugungi davr urush davri emas. Biz siz bilan telefon orqali ham koʻp marta gaplashganmiz: demokratiya, diplomatiya va muloqot - dunyoga taʼsir qiladigan vositalardir”, – degandi Modi 2022-yilda ShHTning Samarqand sammitida.
“Bombalar, qurollar va oʻqlar sharoitida muammoga yechim topish va tinchlik boʻyicha muzokaralar muvaffaqiyatli boʻlishi imkonsiz”, – degandi u 2024-yilda Moskvaga tashrifi vaqtida.
Hindiston yetakchisi oʻsha yili Kiyevga tashrifi vaqtida ham tomonlarni dialog va diplomatiya orqali masalaga yechim topishga chaqirgandi.







