Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Oʻzbekiston va Hindiston yetakchilarining muzokaralar yakunlarida OAV uchun bayonotidan asosiy fikrlar keltirdi.
Xususan, ochiq ruhda kechgan muloqotlar davlatlarimiz oʻrtasidagi samimiy doʻstlik, yuksak hurmat va oʻzaro ishonchning yana bir yorqin ifodasi boʻlgani qayd etildi.
- Hindiston bizning jahon miqyosida katta obroʻ-eʼtibor va nufuzga ega boʻlgan salohiyatli strategik sherigimizdir;
- Hamkorligimiz yangi sifat darajasi – keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga koʻtarildi;
- Kelishuvlarimizning ijrosini toʻliq taʼminlash maqsadida Tashqi ishlar vazirlari darajasida alohida mexanizm yaratishga qaror qildik;
- Oʻtgan yili oʻzaro savdo aylanmasi hajmi 33 foizga oʻsib, 1,3 milliard dollardan ortdi, 2030-yilga qadar ushbu raqamni 5 milliardga yetkazmoqchimiz;
- Hukumatlararo qoʻshma komissiya va Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini yanada jadallashtirishga kelishdik;
- Energetika, oʻta muhim minerallar, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, zargarlik va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlik kuchaytiriladi;
- BMT, SHHT, Qoʻshilmaslik harakati, BRICS kabi nufuzli tuzilmalar va Global Janub doirasida bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashni bundan keyin ham davom ettiramiz;
- Oʻzbek va hind xalqlarini bir necha ming yillik tarixiy, madaniy va maʼrifiy ildizlar chambarchas bogʻlab turadi;
- Oʻzaro madaniyat haftaliklari, kinofestivallar va boshqa yirik tadbirlarni oʻtkazish bilan birga yangi qoʻshma sayyohlik yoʻnalishlarini ham ishga tushiramiz;
- 30 kunlik vizasiz tartib joriy etilishi oʻzaro qatnovlarni yanada faollashtirishga xizmat qiladi;
- Qabul qilingan hujjatlar, erishilgan kelishuvlar ijrosini toʻliq va oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida keng qamrovli «yoʻl xaritasi» ishlab chiqiladi.










