Jamiyat | 13:39 / 13.10.2020
22689
4 daqiqa o‘qiladi

Agroturizm: Bo‘stonliqda Yevropadan olib kelingan kiyiklar boqilmoqda (video)

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Qoronqo‘l qishlog‘i dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan. Bu yerda kiyikchilikni rivojlantirish uchun 176,4 gektar joy ajratilgan bo‘lib, shundan 87,8 gektar yerda ayni paytda 45 bosh Yevropa kiyigi va 50 bosh asl bug‘u parvarishlanmoqda.

Loyihani amalga oshirish uchun shu paytgacha 1,2 mln dollardan ko‘proq mablag‘ sarflangan.

Har bir kiyik 58 mln so‘mdan sotib olindi, deydi «Corrida Food» oilaviy korxonasi ish boshqaruvchisi Bahodir Xudoyberdiyev. Uning aytishicha, kiyikchilikni rivojlantirishga qaratilgan ushbu loyiha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.

«Ispaniya, Germaniya va Ozarbayjondan kelgan mutaxassislar bir yil davomida respublikamizning iqlimi, turli fasllardagi ob-havo sharoitini jiddiy tahlil qilganmiz. O‘rganishlar Bo‘stonliq tumanining dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan Qoranko‘l qishlog‘i kiyiklarni boqish uchun har tomonlama mos ekanini ko‘rsatdi. Biznes-loyihamizning amalga oshishiga ishonch hosil qilganimizdan keyingina 2018 yilda bu ishga kirishdik.

2020 yilning yanvarida 2 turdagi kiyiklar olib kelindi. Dastlab 83 bosh kiyik olib kelingan bo‘lsa, hozirgi vaqtga kelib ularning soni 12 boshga ko‘paygan. Kiyiklarni Avstriya va Sloveniyadan olib kelganmiz. Ular mahalliy muhitga to‘liq moslashishdi.

Kiyiklar boqilayotgan 24 kilometrlik hudud Avstraliyadan keltirilgan maxsus sim to‘siqlar bilan o‘rab chiqilgan. Ularni aynan Avstraliyadan olib kelganimizning sababi – bu sim to‘siqlar kiyiklarni parvarishlashga moslashtirilgan. Jumladan, ularning ortida kiyiklarga hech qanday yirtqich hayvonlar hujum qila olmaydi, kiyiklar ham ushbu to‘siqlardan sakrab o‘tib keta olishmaydi. Qolaversa, kiyiklar ularga kelib urilganda ham jarohatlanishmaydi», – deya Bahodir Xudoyberdiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘riqxonada tug‘ilgan kiyiklar 19-20 oy oralig‘ida ulg‘ayadi. Shunda ularning har biri 65 kilogrammdan 180 kilogrammgacha go‘sht qilishi mumkin.

«Corrida Food» oilaviy korxonasi rahbari Baxtiyor Hojimatovning ta'kidlashicha, Avstriya va Sloveniyadan xarid qilingan kiyiklar Bo‘stonliq iqlimiga tezda moslashgan.

«Xorijdan katta pul sarflab kiyiklarni olib kelish va bu yerda ko‘paytirishdan foyda olish bilan bir qatorda O‘zbekistonda borgan sari kamayib, deyarli yo‘q bo‘lib ketayotgan bu turni saqlab qolish, shuningdek, bug‘u va kiyik shoxlaridan farmatsevtika sohasida dori-darmon tayyorlash uchun foydalanish, kiyik go‘shtidan aholi salomatligini mustahkamlashda zarur oziqalarga boy sifatli go‘sht mahsulotlarini yetishtirish ko‘zlangan.

Ikki-uch yil oralig‘ida viloyatimizdagi o‘rmonlarda ushbu noyob jonivorlarni yovvoyi holda ko‘payishiga sharoit yaratish, xususan, ularning ma'lum bir qismini tabiat qo‘ynida erkin yashashi uchun qo‘yib yuborish niyatidamiz.

Kiyiklarning yana bir noyob xislati - insonlarga ishonuvchan. Shu sababli ham bu yerda agroturizmni rivojlantirish, sayyohlarning oilaviy kelib bu yerda hordiq chiqarishlari uchun sharoit yaratish bo‘yicha ham rejalarimiz bor. Qiziquvchan kishilar kelib, bir necha kun dam olib, qo‘riqxonadagi ushbu noyob jonivorlar hayotini yaqindan kuzatishlari mumkin bo‘ladi», – deydi Baxtiyor Hojimatov.

Ma'lum bo‘lishicha, yirik shoxli chorva mollari, qo‘y-qo‘zilar yaylovlarda 25–30 xil giyohlar bilan oziqlansa, kiyiklar ikki yuz xil o‘t-o‘lanlarni yeydi. Bu ular go‘shti va yog‘ining dorivor malhamga aylanishiga asos bo‘ladi.

Kiyik go‘shti A, V1, B2, PP, E vitaminlariga boy bo‘lib, Rossiyada uning bir kilogrammi 700–1500 rublgacha, Germaniyada esa 14–25 yevrogacha sotiladi.

Mavzuga oid