Bir necha kun oldin Statistika agentligi O‘zbekistondagi demografik holatga oid yillik hisobotini e’lon qildi. Unda keltirilishicha, 2024 yilda O‘zbekistondagi 14 ta hududga xorijdan va respublikaning boshqa hududlaridan jami 241,8 ming odam ko‘chib kelgan. Shundan 2229 nafari xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlar, qolgani – ichki migratsiya.

Bu tendensiyaning e’tiborni tortadigan jihati shundaki, Toshkent shahri (92 ming) va Toshkent viloyatiga (32 ming) ko‘chib kelganlar ulushi – umumiy ko‘chib kelganlarning 51,5 foizini tashkil qilgan.

To‘g‘ri, bundan 5-6 yil oldin ham ushbu hududlarga ko‘chib kelish ko‘rsatkichi baland bo‘lgan. Chunki uzoq yillar Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida propiska tartibi mavjud edi. Hozir esa, propiska cheklovlari bekor qilinishining birlamchi ta’siri ancha o‘z kuchini yo‘qotgan bir paytda, poytaxtga intilishning yuqoriligicha qolayotgani qator iqtisodiy va ijtimoiy omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Oshib borayotgan hududiy tengsizlik

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan umumiy daromadlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida (60 mln 594 ming so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Namangan viloyatida (16 mln 849 ming so‘m) qayd etilgan. Ularni shartli ravishda eng boy va eng kambag‘al hududlar deb olsak, o‘rtadagi tafovut 3,6 barobarga yetgan.

Bu ko‘rsatkich oldingi yillarda quyidagicha bo‘lgan:

  • 2018 yil: Toshkent (16,2 mln so‘m) / Qoraqalpog‘iston (6,3 mln so‘m). Farq – 2,57 barobar;
  • 2019 yil: Toshkent (20 mln so‘m) / Qoraqalpog‘iston (7,7 mln so‘m). Farq – 2,58 barobar;
  • 2020 yil: Toshkent (23,5 mln so‘m) / Farg‘ona (8,7 mln so‘m). Farq – 2,69 barobar;
  • 2021 yil: Toshkent (30,2 mln so‘m) / Farg‘ona (10,9 mln so‘m). Farq – 2,76 barobar;
  • 2022 yil: Toshkent (37,5 mln so‘m) / Qoraqalpog‘iston (13,2 mln so‘m). Farq – 2,83 barobar;