Islom Karimov 30 yil oldin O‘zbekiston rahbarligiga kelgandi

Foto: EPA
Bugun, 23 iyun kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov mamlakat rahbarligiga kelganiga 30 yil to‘ldi.
Marhum prezident 1989 yil 23 iyunda O‘zbekiston SSR kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi Birinchi kotibi etib tayinlangan edi. O‘shanda Sovet Ittifoqi respublikalarini idora etish amaliyotiga muvofiq, Karimov Kommunistik partiyaning Siyosiy byurosi hamda shaxsan SSSR davlat boshlig‘i Mixail Gorbachyov tasdiqlagach, partiya yetakchisi sifatida O‘zbekiston SSR rahbari vazifasiga kirishgan.
O‘sha kezlar sobiq Sovet Ittifoqida, jumladan, O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lgani barchaga ma'lum. Islom Karimov fondi mamlakat yaqin o‘tmishining mazkur sahifalarini qayta eslatib o‘tgan.
«O‘zbekiston SSR ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi bo‘yicha Sovet Ittifoqida so‘nggi o‘rinlarda edi. Milliy va etnik ziddiyatlar esa vaziyatni yanada murakkablashtirgan edi.
1989 yilning may-iyun oylarida Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona voqealari” deb atalgan ommaviy to‘qnashuvlar ro‘y berdi. Oqibatda, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 100 dan ziyod kishi qurbon bo‘ldi, 735 ta turarjoy, 28 ta davlat obekti hamda 275 ta avtotransport vositasi yoqib yuborildi.
Boshqa qator viloyatlarda ham vaziyat notinch edi. Odamlarni tartibsizlikka undovchi kuchlar harakatga tushib qolgandi.
Moskvadagi SSSR rahbariyati O‘zbekiston SSRdagi vaziyatni izga solmog‘i talab etilar edi. Mintaqada holat o‘ta qaltis ekanini yaxshi anglagan Moskva o‘sha kezlar respublika viloyatlaridan birini boshqarayotgan aqlli, kuchli va shijoatli yetakchiga ishonch bildirdi. Qayd etish joizki, Qashqadaryo viloyati Islom Karimov rahbarlik qilgan 3 yil ichida jadal rivojlana boshladi. Karimov viloyatda ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, qisqa muddatda uni yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi.
Moskva Karimov nomzodini tanlar ekan, u shunchaki respublikani idora etib qolmay, yig‘ilib qolgan jiddiy muammolarni hal qilishiga ishonchi komil edi.
Islom Karimov butun faoliyati davomida yuksak natijalarga erishdi – SSSR hududida respublikaning eng yosh moliya vaziri (1983-1986) bo‘lib qolmay, hali Sovet Ittifoqi hukmfarmolik qilib turgan davrda (1990 yilning marti) ittifoqdosh respublikaning birinchi Prezidenti o‘laroq butun SSSR miqyosida favqulodda qadam tashladi.
Islom Karimov o‘sha davrni shunday xotirlagan edi:
“1989 yilning iyuni. Tahlikali kezlar edi. Farg‘ona, Qo‘qon, Quvasoy, Guliston, Parkent, Bo‘kadagi qirg‘inu yong‘inlar... Fitna-fasod darvozasi lang ochilib ketgan edi go‘yo. Mamlakat bo‘ylab yoyilgan qudratli to‘lqin mutelik zamonining jamiki dov-dastgohini o‘z domiga tortdi. Hukumat vaziyatni idora qilolmay qoldi.
Boshboshdoqlikka chek qo‘yib, jar yoqasidagi respublikani halokatdan saqlab qolishga qodir inson qidirilayotgan edi. Pirovardida menga murojaat qilishdi. O‘sha pallada nafaqat mening kareram, ta'bir joiz bo‘lsa, butun hayotim garovga qo‘yilganini yaxshi anglar edim. Balandparvozlikka yo‘ymang, ammo “xalq meni to‘g‘ri tushunadi va albatta qo‘llab-quvvatlaydi” degan ishonch menga kuch bag‘ishladi.
10 yoki 11 iyun kuni, aniq esimda yo‘q, Siyosiy byuro O‘zbekiston kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi Birinchi kotibi masalasini ko‘rayotgan edi. Muhokama nainki tanqidiy, hatto bepisand ruhda o‘tardi. Beo‘xshov luqmalar, nomaqbul mulohazalar. O‘shanda men minbardan Gorbachyovga qarata: “Mixail Sergeyevich! Mening nomzodimni olib tashlang. Bu yerda kimgadir yoqmayotganga o‘xshayman. Rafiq Nishonovni yana olti oycha lavozimida qoldirishni taklif etaman. U vaziyatni tartibga solganidan so‘ng bugungi masalaga qaytish mumkin. Endi esa mening ketishimga ijozat bering”, dedim. Gorbachyov meni olib qolishga urindi. Men esa: “Ko‘ndirishga harakat qilmang. Menga hammasi kundek ravshan. Ketishimga ijozat bering”, dedim. “Bo‘pti, shunga qaror qilibsiz, ketavering”, dedi u. Men Toshkentga uchdim. Zavodga qaytishga qaror qilgandim.
Biroq oradan ikki kun o‘tib, uyimga Nishonov qo‘ng‘iroq qildi va Moskva mening birinchi kotiblikka ko‘rsatilishimga rozilik berganini aytdi. 23 iyun kuni O‘zbekiston kompartiyasi MQ plenumi bo‘lib o‘tdi va unda men Birinchi kotib lavozimiga saylandim”.
Islom Karimov zimmasiga yuklangan mas'uliyatni mudom chuqur his etdi, hamisha ko‘ksini o‘z xalqi manfaatlari yo‘lida qalqon qildi. Insoniy fazilatlari, vatanparvarlik va oddiy insonlar talab-ehtiyojini anglay bilish xislati tufayli Islom Karimov tarix sahifalaridan o‘z xalqini mustaqillik sari boshlagan yetakchi sifatida o‘rin oldi».
Tavsiya etamiz
Migrantlarning pul o‘tkazmalarisiz O‘zbekistonda kambag‘allik 17 foizgacha oshishi mumkin – Jahon banki
Iqtisodiyot | 18:12 / 07.03.2025
Tramp vakillari Zelenskiyning siyosiy raqiblari bilan yashirincha uchrashgan
Jahon | 15:30 / 07.03.2025
AQShning Kiyevga harbiy yordami to‘xtatilishi - bu ukrain armiyasi uchun nimani anglatadi?
Jahon | 18:17 / 06.03.2025
WizzAir O‘zbekistonga amalga oshiradigan reyslarida o‘zbek tilida ham xizmat ko‘rsatadi
O‘zbekiston | 14:01 / 06.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Suriyada ikki kunlik to‘qnashuvlar oqibatida mingdan ortiq odam halok bo‘ldi
Jahon | 16:19
-
Pokistonda «bosh terrorchi» ushlandi, Suriya yana notinch – hafta dayjesti
Jahon | 16:13
-
YHXBB Ramazon oyi munosabati bilan fuqarolarga murojaat qildi
O‘zbekiston | 16:13
-
Ilon Mask ukrainalik 10 nafar oligarxga qarshi sanksiyalar joriy etish taklifini berdi
Jahon | 16:11
Mavzuga oid

12:25 / 30.01.2025
Foto: Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi

13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi

13:30 / 02.09.2024
Foto: Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi

20:03 / 26.08.2024