11:32 / 07.03.2023
6877

Kamroq huquq va maosh, lekin ko‘proq muammo. Xotin-qizlarni qiynayotgan masalalar haqida

Har yili 8 mart – xotin-qizlar bayrami sifatida xalqaro miqyosda nishonlanadi. Bahor kelishi bilan gul va shirinliklar bilan nishonlanadigan bayramimiz, aslida, xotin-qizlar muammolarini xalqaro hamjamiyat oldida yana bir eslatib qo‘yish uchun taqvimda alohida ajratib ko‘rsatilgan.

Foto: Kun.uz

8 mart tarixi haqida qisqacha

Xalqaro xotin-qizlar kunining nishonlanishi tarixi 1908 yilga borib taqaladi. Shu yili Nyu-Yorkda 15 ming ayol xotin-qizlarga yaxshiroq maosh, qisqa ish kuni va ovoz berish huquqini talab qilib namoyish o‘tkazishgan edi. Namoyishlardan bir yil o‘tib Amerika sotsialistik partiyasi birinchi marta milliy ayollar kuni sanasini e’lon qiladi.

Xalqaro miqyosda ayollar sanasini nishonlash taklifi 1910 yilda ayollar huquqlari faoli Klara Zetkindan chiqadi. U Kopengagenda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro ayollar konferensiyasida buni taklif qiladi va 17 davlatdan vakil bo‘lgan 100 faol ayol Klara Zetkinning taklifini ma’qullaydi.

Klara Zetkin

Shunday qilib Xalqaro ayollar kuni 1911 yilda birinchi marta Avstriya, Daniya, Germaniya va Shveytsariyada nishonlanadi. BMT tomonidan esa xalqaro miqyosda rasmiy sana sifatida 1975 yilga kelibgina e’tirof etiladi. 1996 yildan boshlab har yili 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami alohida bitta shior bilan nishonlana boshlanadi. O‘sha yilgi shior “O‘tmishni nishonlash va kelajakni rejalashtirish” deb nomlangan edi.

Xalqaro xotin-qizlar kuni ayollar shu paytgacha jamiyatda, siyosat va iqtisodda qanday yutuqlarga erishganini bayram qilish sanasiga aylandi. Shu bilan birga hali-hanuz saqlanib turgan ular bilan bog‘liq muammolarni yana bir bor eslatish va esdan chiqarmaslik uchun ham bu sana alohida ajratiladi.

Bu yilgi bayram shiori qanday?

BMT bu yilgi sana uchun “Hamma narsani raqamlashtirish: Innovatsiya va texnologiyalar gender tengligi uchun” shiorini tanladi. Maqsad: xotin-qizlarning onlayn ta’lim va texnologiyalar rivojiga qo‘shayotgan hissasini tan olish va nishonlashdan iborat.

Qolaversa, shior bilan raqamli gender tengsizligi muammolari ham o‘rganiladi. Ayni paytda dunyodagi ayollarning 37 foizi internetdan foydalanmaydi. Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda xotin-qizlarning 87 foizi internetdan foydalanadi, 23 foizida onlayn bo‘lish imkoni yo‘q. BMTning baholashicha, ayollarda internetda onlayn bo‘lish imkoni yetarlicha bo‘lmagani sabab 2025 yilgacha past va o‘rta daromadli mamlakatlar o‘z YaIMlarining 1,5 trln dollarini yo‘qotishlari mumkin.

Agar ayollar internetga kirish imkoniga ega bo‘lishmasa, ular raqamli dunyoga xos malakalarini ham rivojlantira olishmaydi. Shu sabab ular ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM fanlari) sohasida o‘z kareralarini qura olmasligi mumkin. Vaholanki, STEM fanlariga aloqador kasblar 2050 yilga borib barcha mavjud kasblarning 75 foizini tashkil qilishi kutilmoqda. Ayni paytda xotin-qizlar faoliyati sun’iy intellekt yo‘nalishida ham atigi 22 foizni tashkil qiladi.

Kamroq huquq, kamroq maosh, ko‘proq muammolar

O‘tgan davr mobaynida ayollar o‘z huquqlari himoyasi uchun harakat qilib kelishmoqda. Lekin vaziyatni hali yaxshi deb bo‘lmaydi.

Afg‘onistonda “Tolibon” ayollarga oliy ta’lim olishni, turli sohalarda ishlashni, biror yerga yolg‘iz borishni taqiqlab qo‘ygan.

Eronda esa ro‘molni noto‘g‘ri o‘ragani uchun 22 yoshli Mahsa Aminiy axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinib, kasalxonada vafot etdi. Shundan so‘ng mamlakatda norozilik harakatlari boshlandi.

2022 yil 24 fevralda boshlangan Rossiya-Ukraina urushi sabab Ukrainada oziq-ovqat xavfsizligi xavf ostida qoldi, to‘yib ovqat yemaslik, kambag‘allik va gender zo‘ravonlik muammolari kuchaydi. BMT hisobotiga ko‘ra, urush sabab narxlarning oshishi va yetishmovchiliklar yuzaga kelishi bilan xuddi shu muammolar dunyoning boshqa davlatlarida ham yuz bermoqda.

Turli urinishlarga qaramay dunyoda hanuz ayollar erkak hamkasblariga qaraganda kamroq maosh oladi. Xalqaro Mehnat Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, ayollar maoshi erkaklarnikiga qaraganda 20 foiz kamroq. Ta’lim, tajriba, mahorat, ish vaqti, kasbiy segregatsiya kabi sabablardan tashqari maoshlar o‘rtasidagi farqning asosiy sababi hanuz jinsga qarab ajratilish bilan bog‘liq.

Ayollar COVID-19 pandemiyasida ham eng ko‘p aziyat chekkan qatlam orasida bo‘lishdi. Pandemiya ungacha bo‘lgan davrda o‘nlab yillar davomida gender tengligi borasida qilingan yutuqlarni yo‘qqa chiqardi. Hozir esa davlatlar qarshisida bu muammolarni hal qilish vazifasi turibdi.

Qolaversa, ayollar reproduktiv salomatligida ham muammolar yetarlicha. Dunyo bo‘ylab har kuni 800 ayol, 7 ming chaqaloq homiladorlikda oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan vafot etadi, 5,5 ming chaqaloq o‘lik tug‘iladi.

O‘zbekistonda-chi?

O‘zbekistonda xotin-qizlarning muammolari yetarlicha. Garchi ularga ta’lim olishda turli grant, imtiyozlar berilayotgan, ayollarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilinayotgan bo‘lsa-da, hali qilinmagan ishlar ham yetarli.

“Bizda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmi yo‘q… Eng yomoni bu holatlar maishiy nizo deb niqoblanyapti. Bu maishiy nizo emas, chunki odam o‘ldirish, qotillikka yetaklayapti”, degan edi “Sukut saqlama” loyihasi mutaxassisi Nigora Adizova Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Masalan, 2022 yilgi ma’lumotga ko‘ra 568 492 nafar o‘zbek ayoli oilasini boqish ilinjida chet davlatlarda ishlamoqda.

Ba’zi qishloq hududlarida yashayotgan xotin-qizlar esa birlamchi sharoitlardan ham bahramand emas. Jumladan, ichimlik suvi muammoli hududlarda suv tashish, asosan, ayollar va bolalar zimmasiga tushadi. Bu o‘z o‘rnida ularning kuniga ma’lum vaqt va energiyasini faqatgina suv tashish uchun sarflashlariga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi.

Sanasa, turli sohalarda xotin-qizlarga oid muammolar yetarlicha topiladi. Ularni hal qilish mexanizmlarini ishlab chiqish, huquqlar himoyasida ayollarning o‘zlari faol bo‘lishi bu muammolar yaxshiroq va tezroq hal bo‘lishiga yordam berishi mumkin.

Shuning uchun 8 mart arafasida gul olish va shirin tabriklardan tashqari o‘zimizning og‘riqli muammolarimizni yana bir eslab qo‘yaylik va harakatga shoshilaylik.

Bayramingiz bilan, aziz ayollar!

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Top