O‘zbekiston | 21:00 / 26.07.2019
20928
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi tomonidan ta'sis etilgan korxona aqlli gaz hisoblagichlar ishlab chiqaradi

24 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida «O‘ztransgaz» AJ mutasaddilari ishtirokida «Mamlakatda iste'molchilarni elektr energiyasi, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta'minlash masalalari» mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tgan.

«O‘ztransgaz» AJ matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan press relizga ko‘ra, «zamonaviy gaz elektron hisoblagichlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha «Artel» kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda. Kelgusida shartnoma tuzilib, respublika aholisini zamonaviy gaz elektron hisoblagichlari bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan».

Gaz hisoblagichlari respublikadagi 3,4 mln iste'molchiga «O‘ztransgaz» AJning o‘z mablag‘lari tomonidan o‘rnatiladi. Gaz elektron hisoblagichlari bosqichma-bosqich o‘rnatilib, birinchi bosqichda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishlar olib boriladi va iste'molchilarga zamonaviy gaz elektron hisoblagichlari o‘rnatiladi.

Bungacha 16 iyul kuni Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishchi majlis o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda «O‘ztransgaz» AJ gaz hisoblovchi zamonaviy uskunalar ishlab chiqarilishi bo‘yicha buyurtmachi etib belgilangan.

Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Elbek ko‘chasi 61-uy manzilida ishlab chiqarish majmuasini joylashtiruvchi «TEXNOPARK» MChJ mahsulotning ishlab chiqaruvchisi va yetkazib beruvchisi etib belgilangan.

Loyihaning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilangan:

  • O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy bankining «TEXNOPARK» MChJga gazni hisoblovchi asboblar ishlab chiqarish uchun uskunalar va butlovchi qismlar, shuningdek, ishlab chiqarish maydonlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash uchun ajratiladigan kredit mablag‘lari;
  • «O‘ztransgaz» AJning gaz hisoblash asboblarini xarid qilish hamda «FIDO BIZNES» MChJning xizmatlariga xaq to‘lash uchun ajratgan mablag‘lari.

Majlis bayonnomasiga ko‘ra, Moliya vazirligi va Energetika vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 400 million AQSh dollariga teng summadagi tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimining (GNHAT) loyihasini moliyalashtirish manbalarini ishlab chiqish uchun bir oy muddat ajratilgan.

Xo‘sh, «TEXNOPARK» MChJ qayerdan paydo bo‘ldi? Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, maishiy elektr asboblar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «TEXNOPARK» MChJning ustav jamg‘armasi 400 million so‘mga teng. Kompaniya rahbari sifatida Ahadov Sarvar Saidjahonovich ko‘rsatilgan. Ta'sischilar va ularning ustav jamg‘armasidagi ulushlari qismida Toshkent shahar hokimligi 100 foiz ulush bilan ko‘rsatilgan.

«TEXNOPARK» MChJ direktori sifatida ko‘rsatilgan Ahadov Sarvar Saidjahonovich bungacha maishiy konditsionerlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «DREAM PRODUCTION» MChJ qo‘shma korxonasida ishlagan. Bu yerda e'tiborli jihat bitta: «DREAM PRODUCTION» MChJ qo‘shma korxonasi manzili «ARTEL GROUP»niki bilan bir xil — Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 2-uy.

Biz «ARTEL ENGINEERING AND MANAGEMENT» MChJ direktori o‘rinbosari Dilshod Ro‘zmetov bilan bog‘lanib, bu borada so‘raganimizda, «ARTEL» savdo belgisining ishlab chiqarilishi mo‘ljallanayotgan aqlli gaz hisoblagichlarga aloqasi yo‘qligini, bunday mahsulot ishlab chiqarish nazarda tutilmayotganini ta'kidlab o‘tdi. «TEXNOPARK» MChJ borasida so‘raganimizda esa u «ARTEL»ning bu korxonaga aloqasi yo‘qligi, bu davlat ishtirokidagi korxona ekanligini aytib, boshqa izoh taqdim etmadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 noyabrdagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3384-son qarori qabul qilingan edi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida dastlab 2 million dona elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish uskunalari, shuningdek, dasturiy ta'minot, qo‘shimcha asbob-uskuna, boshqa zarur texnik vositalarini «Sagemcom» (Fransiya), «Elster GmbH» (Germaniya) kompaniyalari va «Toshelectroapparat» MChJ XKdan istisno tariqasida tender savdolarini o‘tkazmasdan xarid qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan edi.

Ishchi komissiyasining qaroriga asosan «O‘zbekenergo» AJ va «O‘ztransgaz» AJ mazkur loyiha doirasida hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni ularni respublikada ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgunga qadar ko‘rsatilgan ishlab chiqaruvchilardan qo‘shimcha xarid qilishi mumkinligi belgilangan edi.

Mavzuga oid