“Hududgazta’minot” AJ va “Texnopark” MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan tergov olib borilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentga ko‘ra, ular boshqa shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib, elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatish bahonasida qariyb 19,9 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, iste’molchilarga o‘rnatilgan 273 dona gaz hisoblagichi ko‘rsatkichlari kam hisoblangani oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga yana 861,1 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Qayd etish lozim, “aqlli” gaz hisoblagichlarni joriy etish boshlanganidan buyon bu masala atrofida turli savollar muntazam yangrab keladi.

Loyihaning boshlanishi va noxush hodisalar

2019-yilda O‘zbekistonda “aqlli” gaz hisoblagichlarini mahalliylashtirish rejasi e’lon qilinganida loyiha mamlakat energetika tizimini raqamlashtirishdagi muhim bosqich sifatida taqdim etilgandi. O‘shanda zamonaviy elektron gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Artel kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilgani ma’lum qilingan, lekin yakunda mahsulot ishlab chiqaruvchisi va yetkazib beruvchisi sifatida Toshkent shahar hokimligiga qarashli “Texnopark” MChJ tanlangan edi.

2020-yilda Toshkentdagi Texnopark hududida qiymati 50 mln dollarlik zavod ishga tushirildi. U yerda SIM-karta o‘rnatilgan, sarflangan gaz hajmini avtomatik ravishda markaziy serverga uzatuvchi Osten markali hisoblagichlar ishlab chiqarila boshlandi. Rasmiy xabarlarda yiliga 3 mln dona hisoblagich ishlab chiqarilishi aytilgandi.

Qurilmalarni o‘rnatish boshlanishi bilan, bir nechta holatlar tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Xususan, 2020-yilning o‘zida Andijonda 40 dan ortiq “aqlli” gaz hisoblagichi ishlamay qolgani, ayrim xonadonlarda esa qurilmalar portlagani haqida xabarlar tarqaldi. Texnopark esa hisoblagichlar sifati kafolatlangani, mazkur muammolar o‘rnatish jarayonidagi xatoliklar oqibati ekanini ma’lum qildi