Kun.uz bilan Nyu Yorkda suhbatlashgan Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulugʻbek Lapasovga koʻra, tashkilot shu qadar zaif boʻlganida Bosh Assambleyaga hech kim kelmagan boʻlardi. Shuningdek, BMTdan bugun olamshumul natijalar kutish nooʻrin, chunki tuzilma hukumatlardan tepada turmaydi. Lapasov Oʻzbekiston nomidan rezolyutsiyalarga ovoz beradi, BMTda davlat nomidan gapiradi. Biz neytralmiz, bu ham pozitsiya, urush eʼlon qilishayotganda bizni boxabar qilishmagan-ku, uyogʻiga ham hech nima kutishmasin, deydi diplomat.

BMTning yillik Bosh Assambleyasi 29-sentabr kuni oʻz nihoyasiga yetdi. Jami aʼzo mamlakatlardan 140 dan ortiq prezident va hukumat rahbarlari kelgan. Soʻzga chiqqanlarning koʻpchiligi BMT va uning xavfsizlik kengashidan norozi boʻldi, xususan, Oʻzbekiston vakili ham. Elchi Ulugʻbek Lapasovga koʻra, Toshkent BMTni aybdor qilib koʻrsatishdan yiroq. Sababi - Oʻzbekistonning nazdida BMT shunchaki global maydon va suveren mamlakatlarni birlashtirib, ovozini yigʻadigan tuzilma.

Shu oʻrinda diplomat bosh kotiblardan birining «BMT insoniyatni jannatga eltish uchun emas, doʻzaxdan asrash uchun tuzilgan» degan gapini esladi va shu fikrga qoʻshilishini aytdi.

Lapasovning aytishicha, Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi delegatsiyaning safari ancha sermahsul kechgan.

«Bosh kotib birinchilardan boʻlib Mirziyoyevani qabul qildi, oʻsha ikki kunda masalan, Guterrish 80 dan ortiq siyosatchi bilan koʻrishdi. Bundan tashqari, biz bu tashrifda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohani birlashtirdik. Demografik masalada katta tadbir oʻtkazdik. BMTdagilar administratsiya rahbarini taniydi, Oʻzbekistonda nimalar boʻlayotganini biladi», deydi elchi.

Mirziyoyeva BMTda nutq soʻzlarkan davlatning pozitsiyasi haqida gapirdi, Oʻzbekiston insoniyat tomonida ekanini aytdi. Lekin boshqa soʻzlovchilar singari bugungi kunning davom etayotgan urushlarini toʻxtatish haqida gapirmadi. Elchiga koʻra, maʼnoviy nuqtai nazardan bu chaqiriq bor. Lekin rasmiy Toshkentning pozitsiyasi - neytral. Biz oʻzimiz tomondamiz, deydi u.

«Biz pozitsiyasiz emasmiz, BMTda pozitsiya bildirishning bir necha xil usullari bor. Umuman kelmaslik mumkin, biz doim zalda boʻlganmiz. Urush eʼlon qilayotganda bizga hech kim qoʻngʻiroq qilmagan-ku, bizdan fikrimizni olmagan-ku, nega endi bizdan koʻp narsa kutishlari kerak? Biz pozitsiyasiz emasmiz, biz Oʻzbekiston tomonidamiz. Mirziyoyevaning nutqida ham Oʻzbekiston manfaati yotibdi», deydi Lapasov.

Administratsiya rahbari oʻz nutqida davlatning bugungi siyosati, qoʻshnilar bilan aloqalar, Markaziy Osiyoda tinchlik, iqlim muammolari, Afgʻoniston, ijtimoiy siyosat, sunʼiy intellekt haqida gapirdi. Xoʻsh, mavzular ketma-ketligini kim tanlaydi? Oʻzbekiston vakillari doim Afgʻonistonni oliy minbarlardan turib eslatadi - tematika qanday yaratildi?