O‘zbekiston | 12:30 / 21.12.2022
12919
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 2 oy ichida 475 km avtobus yo‘laklari tashkil etiladi

Avtobuslar uchun mo‘ljallangan alohida harakatlanish bo‘laklarida avtobuslardan tashqari faqat tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin. Bu bo‘laklarning uzluksiz chiziq bilan ajratilgan qismidan boshqalarning harakatlanishi taqiqlanadi.

Foto: uzreportnews

Toshkent shahrida 475 kmga yaqin 34 ta alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etiladi. Xususan, yaqin bir hafta ichida Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li singari markaziy ko‘chalar bo‘ylab, qolgan ko‘chalarda esa 1−2 oy ichida ana shunday yo‘lakchalar to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l-harakati xavfsizligi xizmati boshqarma boshlig‘i Fazliddin Toshkenboyev ma’lum qildi.

Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin. Qolgan avtotransport vositalariga esa harakatlanish taqiqlanadi va bu tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“Ammo har qanday avtomobilga ma’lum sababga ko‘ra, masalan, yo‘l yoqasidagi obektlarga yoki ko‘chaga kirish uchun ushbu yo‘lakda foydalanishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli joylar punktir (uzuq chiziq) bilan ajratiladi. Bu yo‘lakcha tashkil etilayotgan davrda hammasi hisobga olinadi”, – deydi Fazliddin Toshkenboyev.

YHXX alohida ajratilgan tasmalarda harakatlanish yoki to‘xtash tartibi bo‘yicha videoyo‘riqnoma e’lon qildi. Unda aytilishicha, haydovchilar yo‘lovchini yo‘l bo‘yida tushirish yoki olish uchun avtobuslarga halaqit bermagan holda ular uchun mo‘ljallangan bo‘lakka kirishi va to‘xtashi mumkin, lekin yo‘lovchi avtomobildan tushib yoki avtomobilga chiqib bo‘lgach, ortiqcha to‘xtab turmay, alohida harakat bo‘lagini tark etishi kerak.

Ma’lum qilinishicha, yo‘nalishli transportlar uchun alohida harakatlanish bo‘laklari bir yo‘nalishda kamida 3ta harakatlanish bo‘lagi bor ko‘chalarda tashkil etiladi.

Toshkentda avtobuslar uchun alohida harakatlanish bo‘laklari tashkil etiladigan transport koridorlari (1-bosqich) / Foto: Gazeta.uz

Transport vazirligi huzuridagi Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidovning Gazeta.uz'ga ma’lum qilishicha, birinchi bosqichda avtobuslar uchun alohida harakatlanish bo‘laklari 8 ta transport koridorida tashkil etiladi:

  • Amir Temur shoxko‘chasi KXAYdan TXAYgacha;

  • Shota Rustaveli – Alisher Navoiy;

  • Beruniy;

  • Samarqand darvoza – Kukcha – Beshqayrag‘och;

  • Lutfiy – Muqimiy – Bobur;

  • Farhod – KXAY;

  • Farg‘ona yo‘li – Istiqbol;

  • TTZ – Mirzo Ulug‘bek – Maxtumquli.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida jamoat transporti bilan bog‘liq vaziyatga e’tibor qaratib, Navro‘z bayramigacha respublikaga 2000 ta avtobus olib kelinishini aytgan (shuning yarmi Toshkent shahri uchun), bu orqali 300 ta mahalladagi 1 million aholining uzog‘i yaqin bo‘lishini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid