O‘zbekiston | 00:28 / 09.06.2021
12352
3 daqiqa o‘qiladi

Yer qonunchiligi bo‘yicha kengashlar tuzilmoqda. Ularning ishchi organi prokuratura bo‘ladi

O‘zbekistonda Yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tuzildi.

Joylarda hududiy kengashlar ham tashkil etiladi. Bu haqda yer munosabatlarini takomillashtirishga oid prezident farmonida belgilandi.

Quyidagilar Respublika va hududiy kengashlarning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini qo‘llashda vujudga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish, shu jumladan, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • yerdan oqilona foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganib, milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda ularni joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvolini muntazam o‘rganib borish, sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirish;
  • yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini bevosita ta'minlash va davlat nazoratini olib borishga mas'ul davlat organlarining sohaga doir faoliyatini o‘rganib, muvofiqlashtirib borish, tegishlicha ushbu organlar va ularning quyi tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
  • yerlarni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish, qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish;
  • yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta'minlash hamda qonun buzilishi holatlarining oldini olishda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish;
  • yer ajratish va undan foydalanish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirishga ko‘maklashish;
  • yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta'minlash samaradorligini oshirishga oid boshqa masalalarni ko‘rib chiqish.

Belgilanishicha:

  • Bosh prokuratura, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari tegishlicha Respublika kengashi va hududiy kengashlarning ishchi organi hisoblanadi;
  • Respublika kengashi va hududiy kengashlar yig‘ilishlari har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi, Respublika kengashi va hududiy kengashlar yig‘ilishlariga davlat organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari va OAV vakillari taklif etilishi mumkin;
  • hududiy kengashlar o‘z faoliyati to‘g‘risida har chorakda Respublika kengashiga hisobot beradi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Respublika kengashi va hududiy kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari normalarining buzilishiga, shu jumladan, yer uchastkalarini berish va olib qo‘yish bilan bog‘liq hujjatlarni qalbakilashtirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat'iy prokuror nazoratini o‘rnatish, aybdor shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikning muqarrarligini ta'minlash uchun javobgar ekani belgilandi.

Ushbu farmonga doir boshqa xabarlar:

Mavzuga oid