Hamma xalqlarning urf-odati, anʼanalar bor va ularning ayrimlari boshqalar uchun gʻalati tuyuladi. Masalan, Markaziy Osiyo va Kavkazdagi ayrim xalqlarda qiz olib qochish, kelin oʻgʻirlash odatlari bor.

Hozir qiz oʻgʻirlab, uni turmushga chiqishga majburlash qonunan taqiqlangan va endi bu ishlar ramziy tarzda amalga oshiriladi. Yaʼni ikki tomonning roziligi bilan. Biroq bu ishlar odatga aylana boshlagan vaqtlarda yigit qizning roziligini soʻrab ham oʻtirmay oʻgʻirlab, oʻziga turmushga chiqishga majburlagan. Qizlarni majburan olib qochish holatlari hamon uchrab turadi. Biroq bunday zoʻravonlarga qonunan chora koʻrilayotgani uchun vaziyat ijobiy tomonga oʻzgargan.

XX asrning 70-yillarigacha Italiyada qiz olib qochishga oʻxshash odat boʻlgan. Qonunda ham bu ish amalda taqiqlanmagan. Yigit qizni oʻgʻirlab ketib zoʻrlasa va unga uylanishni talab qilsa, qiz qonunan hech nima qilolmagan. Tabiiyki, qizni zoʻrlagan yigit javobgarlikdan qutulib qolgan. Ana shu jazosizlik qiz oʻgʻirlashni anʼanaga aylantirgan.

Biroq 1965-yil 17 yoshli Franka Viola bu bemaza odatga isyon qilib, barchasini oʻzgartirib yuboradi. Qizaloq uni oʻgʻirlab ketib, zoʻrlagan yigitga turmushga chiqishdan bosh tortadi. Qizga bosim qilishadi, biroq ota-onasi oʻzi tomonida boʻlgani uchun Franka oxirigacha qarorida qatʼiy turadi. Oxir-oqibat zoʻravon yigit jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Bu voqeadan keyin Italiya parlamenti tegishli qonunlarni qayta koʻrib chiqadi. Deputatlar oʻz qurboniga uylangan yigitlarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi qonunni bekor qiladi.

Franka Violaning oʻgʻirlanishi

Franka Viola Italiya mafiyasi «vatani» Sitsiliya orolidagi Alkamo shahrida tugʻilgan. U paytlar Italiyada ayolning taqdiri koʻp hollarda oʻziga bogʻliq boʻlmagan. Sitsiliyada oila shaʼni va qizlarning nikohgacha boʻlgan obroʻsiga jiddiy qarashgan. Yaʼni qizlar zoʻravonlik qurboni boʻlsa ham, jamiyat ularning huquqini himoya qilish, jinoyatchini jazolashdan koʻra, oila shaʼnini ustun qoʻyardi. Franka ana shunday jamiyatda ulgʻayadi.

17 yoshli goʻzal Frankaga yigitlar sovchi qoʻya boshlaydi, biroq qiz ularning hech biriga rozilik bermaydi. 1965-yil 26-dekabr kuni ana shunday rad etilganlardan biri Filippo Melodiya sheriklari bilan qizni oʻgʻirlab ketadi. Yigit Frankani sakkiz kun tutqunlikda saqlab, muttasil zoʻrlaydi. Qizning ota-onasi avvaliga Frankani kim oʻgʻirlab ketganini bilolmaydi. Koʻp oʻtmay uni Filippo oʻgʻirlagani haqida gap-soʻzlar tarqaydi. Bir necha kun oʻtib politsiya qizni ozod qiladi, zoʻravon hibsga olinadi.