Aytish mumkinki, tumanda bayram tantanalari allaqachon boshlanib ketdi. Har kuni kechqurun mazkur maydonda vatanparvarlik mazmunidagi kuy-qo‘shiqlar yangramoqda, tumanning iste'dodli yoshlari o‘z qobiliyatlarini namoyish qilmoqda.
Past Darg‘om tumanida yurt Mustaqilligining o‘ttiz yilligiga alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Barcha tizim-tarmoqlarda qaysidir ma'noda o‘sish va ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi.



Joriy yilning o‘zida investitsiya dasturiga asosan tumanda 25,8 milliard so‘m markazlashgan mablag‘lar hisobidan jami 3 ta ijtimoiy soha obekti qurilishi rejalashtirilgandi. Xususan, 21 va 74-maktab binolarini rekonstruksiya qilish hamda Kamolot mahallasi Yangiravot massividan yangi maktab binosi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda qurilish ishlari jadal sur'atlarda olib borilmoqda. Shuningdek, tuman prokuraturasi, departament va majburiy ijro byurosi kompleks binolari qurilishi uchun 8,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
O‘quvchi farzandlarimiz yozgi ta'tilni maroqli o‘tkazishlari uchun Nurobod tumani Oqsoy mahallasi hududidan 4 gektar yer maydoni olinib, 220 o‘rinli yangi bolalar oromgohi qurilish ishlari davom etmoqda.


Furqat mahallasi hududidan namunaviy loyihalar asosida 80 xonadonli uy-joylar qurilishi boshlangan. Bundan tashqari, tuman hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi qoshidagi “Bunyodkor Obod Pastdarg‘om” DUK tomonidan yangi tartibda 4 ta ko‘p qavatli 240 xonadonli (subsidiya asosida) ko‘p qavatli uy-joylar qurilmoqda. O‘ylaymizki, ushbu turar joy massivlari nafaqat aholimizning uyga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi, balki arxitekturaviy jihatdan o‘ziga xosligi bilan hudud ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi.














