27 avgust kuni Milliy matbuot markazida chet el kapitali ishtirokidagi «Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat banki tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida «Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruv a'zolari ishtirok etishdi.

Tadbirda bank boshqaruv a'zolari «Hamkorbank»ning faoliyat yo‘li va istiqboldagi rejalari haqida ma'lumot berishdi. Shuningdek, jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bank rahbariyatidan javob olishdi.

Bugungi kunga kelib bank respublikaning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan 46 ta filialiga, shuningdek, mijozlarga yanada yaqinroq bo‘lish maqsadida respublikaning chekka shahar va tumanlarda ham 100 dan ortiq «Bank xizmatlari ofislari»ga ega. Shuningdek, bank bo‘linmalarida hamda respublika shahar markazlarining aholi gavjum joylarida 130 dan ortiq 24/7 o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Aynan bankning 30 yilligi arafasida – sentyabr oyida 47-filial – bankning Mirobod filiali o‘z faoliyatini boshlaydi.

Matbuot anjumani davomida «Hamkorbank» ATB Boshqaruv raisi o‘rinbosari Jasurbek Hasanov tomonidan bank uchun xalqaro moliya bozorida tan olinish muhim ahamiyatga egaligi alohida ta'kidlandi.

«2000 yilda bank respublikada birinchilardan bo‘lib xalqaro standartlar asosida audit o‘tkazgan. Asosiy maqsad – xalqaro miqyosda faoliyat olib boruvchi nufuzli moliya institutlariga bank ochiqligini namoyon etish, ularni jalb etish. Natijada 2001 yili Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) «Hamkorbank»ka davlat kafolatisiz mablag‘ ajratdi», – dedi Jasurbek Hasanov.

2010 yilda Xalqaro Moliya Korporatsiyasi «Hamkorbank» aksiyadori bo‘ldi. 2014 yilda Gollandiya Taraqqiyot banki (FMO) bankning ikkinchi xorijiy aksiyadoriga aylandi va «Hamkorbank» chet el kapitali ishtirokidagi bank maqomiga ega bo‘ldi. Aynan shu yildan Osiyo Taraqqiyot Banki, Germaniya Taraqqiyot banki, Jahon Banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro Taraqqiyot Uyushmasi va Islom Xususiy Sektorni Rivojlantirish Korporatsiyasi kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 2018 yilda esa “ResponsAbility Investmens” xalqaro investitsion kompaniyasi ham bankning aksiyadorlari qatoriga qo‘shildi.