O‘zbekistonda YPX xodimlarini foto va videoga olib, ularning ruxsatisiz internetda tarqatish taqiqlanishi mumkin. Shu mazmundagi hukumat qarori loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 29 martgacha davom etadi. Hozirga qadar loyiha yuzasidan mingdan ziyod taklif bildirilgan.

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari ushbu urinishni salbiy qarshilashdi. Kun.uz mavzu yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarga e’tibor qaratdi.

“Videoga olish, ya’ni jamoatchilik nazorati orqali “GAI” xodimlarining savodxonligi ancha oshdi. Ilgari ularni videoga olish mumkin bo‘lmagan paytlarda xodimlar bilganini qilardi, haydovchilarga nohaq “protokol” rasmiylashtirishardi. Jamoatchilik nazorati orqali tizim ancha tartibga solindi. Endi orqaga qaytish yo‘q”. — Rustam Karimov

“Taklif etilayotgan o‘zgartirish adolatga emas, balki o‘z mansab-lavozimiga noloyiq bo‘lgan YPX xodimlarining noqonuniy harakatlarini rag‘batlantirish uchun ko‘proq xizmat qiladi. Ushbu qonun hujjatini muhokamaga qo‘yishning o‘zi fuqarolik demokratik jamiyatini shakllantirishdagi harakatlarimizga bolta urishi tayin”. — Erkin Karimov

“Yo‘l harakatini tartibga solish O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni bilan tartibga solingan. Mazkur qonunda Vazirlar Mahkamasiga yo‘l harakati ishtiroki davrida videotasvirga olishni taqiqlash vakolati mavjud emas. Bu – masalaning qonuniy tarafi!

Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy talablardan biri ochiqlik hisoblanadi. Aynan shu ochiqlik natijasida yo‘llarda radar belgisi o‘rnatildi, inspektorlarga bodikameralar berildi, YPX xodimlarining asossiz tekshiruvlar o‘tkazish huquqi bekor qilindi. Xo‘sh, yana taqiqdan maqsad nima? YPX xodimlari nimadan qo‘rqyapti? Xalqdanmi? O‘zi xizmat qilishi kerak bo‘lgan xalqning o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarishini nazorat qilishdan nimaga yashirinmoqchi?

Bular xalq xizmatchilari bo‘lishadimi yoki yo‘l xo‘jayinlari? Zero, sir emaski, aynan ochiqlik natijasida inspektorlar orasida tartib paydo bo‘la boshladi! Bu – prezidentimiz olib borayotgan siyosatning ijobiy natijasi. Ammo eski gvardiya yoki avvalgi tuzumni qo‘msab qolgan ayrim vijdonsizlar yana xalqqa qarshi cheklash va taqiqlash mexanizmlarini taklif etishyapti. Bu hujjatni umuman chiqarmaslik kerak”. —