Toshkentdagi Ashxobod sayilgohi hududidan ochiq osmonga 20 mingta pufaklar uchirilishi reja qilinmoqda. Bu haqda 8 aprelda bog‘ning Instagramʼdagi sahifasiga yuklangan postda instabloger Jahongir Xo‘jayev ma’lum qilgan.

Unga ko‘ra, bayram munosabati bilan 10 aprel sanasida sayilgohdagi charxpalakning eng baland nuqtasidan “sharlar yomg‘iri” uyushtiriladi. Qayd etilishicha, ilgari bunday sondagi pufaklar osmonga uchirilmagan, navbatdagisi rekord darajada bo‘lishi kutilmoqda.

Ekofaollar bu tadbirning atrof-muhitga katta zarar yetkazishini aytishmoqda. Dastlab holatga munosabatini bildirgan Ekolog.uz telegram kanaliga ko‘ra, “lateks shar”lar biologik parchalanadigan bo‘lishi mumkin, lekin bu jarayon juda sekin kechadi. Oqibatda esa atrof-muhitda yillar davomida saqlanib qolishi mumkin. Bu hayvonlarga tahdid solishi qayd etiladi.

Sharlar yovvoyi tabiatga tashlanganda, ularni hayvonlar oziq-ovqat deb adashib yeyishi yoki ular bilan bog‘lanib qolishi mumkin, natijada o‘lim [yuzaga kelishi] yoki sog‘liqqa zarar yetishi mumkin. Suvda yashovchi hayvonlar sharlarni yutib yuborishi yoki shar tasmalariga o‘ralib qolib, jismoniy shikastlanishi mumkin.

Sharlar ishlab chiqarish va tashish jarayonlari issiqxona gazlarini va boshqa atmosfera ifloslantiruvchi moddalarni chiqarishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan biz tegishli tashkilotlardan ushbu shouni bekor qilishlarini so‘raymiz. Shundog‘am boshqa tadbir va marosimlarda keragidan ortiq mushaklar otib, o‘z izimizdan chiqindilarni qoldirib tabiatga zarar yetkazyapmiz”, – deyiladi xabarda.

Ekojurnalist Nargiz Qosimova shouning yopiq emas, ochiq hududda qilinayotganiga e’tibor qaratgan.

Yopiq bino bo‘lsa ham mayli, ochiq joy. Sharlar birpasda uchib ketib, yuzlab kmni ifloslantiradi. Bularga tabiatingga zarar yetadimi, sharlardan hayvon-u, qushlar o‘lib ketadimi, farqi yo‘q, pul bo‘lsa bo‘ldi”, – deydi u.

Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, plastik chiqindilardan bayram tadbirini o‘tkazishni cheklash lozim.