Tajriba Buyuk Britaniyaning Bodhem hududidagi ikki gektarlik yer maydonida oʻtkazilgan. Yer London universitet kolleji professori Karl Seyer oilasiga tegishli boʻlgan.
2005-yilda hosil yigʻib olingach, ogʻir gilli tuproq va tabiiy drenaj bilan bogʻliq muammolar sabab maydonga boshqa ekin ekmaslikka qaror qilingan.
Professional agronomlar olimlarga oʻtloq gullarining qimmatbaho tijoriy urugʻ aralashmalarini sotib olib sepishni tavsiya qilgan. Biroq Seyer bu yoʻldan voz kechib, ekotizim insonning faol aralashuvisiz qay darajada oʻzini tiklay olishini sinab koʻrishga qaror qilgan.
Maydonda inson tomonidan amalga oshirilgan asosiy tadbir anʼanaviy kuzgi oʻrim boʻlgan. Tajriba natijalari Restoration Ecology ilmiy jurnalida eʼlon qilingan tadqiqotda bayon etilgan.
Olimlar 2011-yildan 2022-yilgacha maydondagi oʻzgarishlarni muntazam kuzatgan. Biologlar har ikki-uch yilda bir xil uchastkalarda oʻsadigan barcha oʻsimlik turlarini qayd etib borgan.
Natijada har bir kuzatuv uchastkasidagi oʻsimlik turlarining oʻrtacha soni ikki baravarga - 10 tadan 20 tagacha koʻpaygan.
Avval qishloq xoʻjaligi uchun ishlatilgan va holdan toygan yer vaqt oʻtishi bilan tabiiy ravishda turli oʻt va gullarga boy oʻtloqqa aylangan.
Eng qizigʻi, maydonda sogʻlom ekotizimning belgisi hisoblanadigan bir qator kamyob oʻsimliklar ham paydo boʻlgan. Ular orasida botqoq orxideyasi, qiyoq, kichik pogremok kabi turlar qayd etilgan.
Tadqiqot mualliflarining taxminicha, kamyob oʻsimliklar urugʻlari dalaga tabiiy yoʻl bilan yetib kelgan. Ularni yovvoyi hayvonlar juni va tuyoqlarida olib kelgan boʻlishi mumkin. Xususan, maydonga bugʻular muntazam kirib turgan.
Shuningdek, urugʻlarning tarqalishida qushlar va shamol ham muhim rol oʻynagan boʻlishi mumkin.
Hozir mazkur dalada har yili minglab orxideyalar gullaydi. Ilgari oddiy qishloq xoʻjaligi maydoni boʻlgan hudud shu tariqa mahalliy diqqatga sazovor joylardan biriga aylangan.
Professor Karl Seyerning aytishicha, bu oʻtloq boʻylab sayr qilish goʻyoki oʻtmishga sayohat qilishdek taassurot uygʻotadi. Olimlar dalada tabiiy ravishda oʻsib chiqqan dastlabki orxideyalarni koʻrganda natijadan nihoyatda hayratlangan.
Tadqiqot mualliflari ushbu tajriba tabiiy oʻtloqlarni tiklashda doimo qimmat va murakkab choralar talab etilmasligini koʻrsatishini taʼkidlagan. Ayrim sharoitlarda tabiatga yetarli vaqt berish va minimal boshqaruvning oʻzi ham sezilarli natija berishi mumkin.





