Samarqanddagi o‘zgarishlar, korrupsiya va haftalab go‘sht yemaydigan oilalar. Erkinjon Turdimov bilan suhbat
«Shahar bo‘ylab ko‘proq yayov yurishga harakat qilaman. Kabinetda o‘tirsangiz, hammayoq yaxshi bo‘lib ko‘rinadi-da. Piyoda yursangiz, hamma narsani ko‘rasiz. Yuragingiz og‘riydi. Odamlarning uyiga kirsangiz, hayotni ko‘rasiz. Bir hafta emas, bir oydan beri go‘sht yemagan oilalar bor. Hatto xolodilnigi yo‘q...»
Viloyat rahbarlari bilan intervyular tashkil etib kelayotgan Kun.uz'ning navbatdagi suhbatdoshi – Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov.
Suhbatimiz Samarqanddagi qurilishlar, jamoat transporti, korrupsiya, majlislar, ilk marta viloyat hokimi lavozimiga tayinlanishi va futbol kabi mavzularda kechdi.
– Samarqandda qurilish va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy masalalardagi muammolar qanchalik yechim topyapti? Bundan sizning ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
– Mamlakatda ko‘zga ko‘rinadigan, e'tiborga molik o‘zgarishlar bo‘lyapti. Har qanday masshtabdan qarasak ham buni ilg‘ab olish qiyin emas. Shu jumladan Samarqand viloyatida ham. Lekin bu degani hammasi zo‘r ketyapti, muammolar yo‘q degan fikrdan yiroqman. Muammolar bo‘ladi va bu tabiiy narsa. Har qanday o‘sish jarayonida adashishlar, kamchiliklar bo‘ladi.
Endi viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalsam, Samarqand shahrida 100 ming kishilik Qorasuv massivini bunyod etyapmiz. Hozirda 6,5 ming xonadon qurib foydalanishga topshirildi. Bu massivda nafaqat uy-joy, balki to‘liq infrastruktura yaratilmoqda. Shaharcha yaqin 4 yil ichida to‘liq qurib bo‘linadi.
Bundan tashqari, Samarqandda yana ikkita massiv qurilishi rejalashtirilgan. Biri aeroport yaqinida, u yerda 95 ming kishilik shaharcha quriladi. Ikkinchisi xalq tilida “za liniya” deydi, ya'ni temir yo‘l ortida bunyod etiladi.
Bu ishlarni bajaruvchi qurilish tashkilotlari, loyiha institutlari talabga javob beradimi, degan savol tug‘iladi. Ko‘pchilik sohada bo‘lgani kabi bu yerda ham muammolar bor, yangi loyiha institutlari, o‘qitish tartibi – hammasini kompleks olib borishimiz kerak.
Yana bir muhim sohalardan biri – kommunal soha. Suv, gaz, elektr, yo‘l – to‘g‘ridan to‘g‘ri odamlar kayfiyatiga ta'sir etadi. Samarqand shahrida ham, tumanlarda ham oldimizda katta-katta muammolarimiz turibdi.
Samarqand – turistlarni hamisha o‘ziga jalb etib turadigan shahar. Qadimiy shaharga kelgan xoh ichki, xoh tashqi turist bo‘lsin, bir necha soat aylanganidan keyin qayerga boradi – mehmonxonaga. Turistlar kechki vaqtlarda ko‘ngil yozib dam olishi uchun qulay infratuzilma, dam olish, ko‘ngilochar joylar ham tashkil etilishi kerak. Shu sababli Samarqandda turistik markaz barpo etilyapti. Maqsadimiz – kelgan turistlarni shaharda iloji boricha ko‘proq ushlab qolish.
Ziyorat turizmini ham rivojlantirish uchun imom Buxoriy majmuasi qaytadan to‘liq rekonstruksiya qilinyapti. Yonida halol standarti asosida yotoqxonalar majmualari qurilyapti. Bu ishlar – pandemiyadan keyin turistik oqimni ko‘proq o‘zimizga tortish uchun.
– Viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga mas'ul rahbar sifatida korrupsiyaga qarshi qanday kurashasiz?
– Butun dunyoda manaman degan davlatda ham korrupsiya bor. Buning yagona va oddiy yechimi – jamoatchilik nazorati. Jamoatchilik kurashning birinchi tashabbuskori bo‘lishi kerak. Shuningdek, barcha narsa: tenderlar, xaridlar, boshqalar elektron bazada aks etishi, natijada inson omilini kamaytirish kerak. Mana shu ikki ish: jamoatchilik nazorati va shaffof elektron tizim korrupsiyaga qarshi kurashda juda ham muhim.
– Lekin ba'zi jamoatchilik faollari va blogerlar tanqidiy chiqishlari ortidan suhbatga chaqirilishi holatlari ham kuzatilyapti.
– Har kim turli hayotiy masalalarga o‘z dunyoqarashidan kelib chiqib yondashadi, ya'ni o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Ajdodlarimizning bir ibratli so‘zi bor: insofni har kimga Allohning O‘zi bersin. Odamlar ichida ayyuhannos solib to‘polon qiladiganlari yoki har bir gapini asoslab, tahlil qilib fikr bildiradiganlari bo‘ladi. Faollar yoki blogerlar orasida ham shunday.
Birinchi toifaga kiradigan odamlar ko‘pincha bir joyga borsa, ikkinchi tarafning fikrini olmasdan, eshitmasdan yozadi. Shunday murojaatlar kelib tushganda o‘zimcha o‘ylayman, nega bir tomonlama yondashib, boshqa manfaatdor tarafni ham tinglamaydi. Lekin shunday insonlar borki, haqiqatni yozadi, masalani batafsil o‘rganadi, mutaxassislar fikrini o‘rganadi, tahlil qilib ommaga yetkazib beradi. Bu butunlay ikki xil yondashuv. Mana shu ikkinchi yo‘lni tutgan odamga hech kim hech narsa demasa kerak. Qaysidir rahbarga tuhmat qilgan bo‘lsa, chaqirib gaplashgan bo‘lishi mumkin, buni bilmayman. Menga nisbatan shunday hodisa yuz bersa, xudo shunga insof bersin, deb aytaman.
O‘zim ham ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib boraman. Xodimlarimga muammoni borib o‘rganishni, to‘g‘ri bo‘lsa, hal qilib berishni buyuraman. Noto‘g‘ri bo‘lsa, javob yozib yuboriladi. Kelgan murojaatlarga imkon qadar javob berishga harakat qilamiz.
Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Jamiyat va rahbarlar uyg‘unligi bo‘lishi kerak. Rahbarlar javobgarlikni ko‘proq his qilishi, mas'uliyatni sezishi va har bitta vaziyatni eshitishi zarur. Fuqaro adashgan bo‘lishi mumkin, tushuntirish kerak.
– Samarqand shahri qadimiyligi qay darajada saqlanib qolyapti? Yo‘llar, yangi binolar shahar arxitekturasiga qanchalik mos?
– Inson zoti borki, o‘zidan yaxshi nom qoldirgisi keladi. Men Samarqandga kelganimda shaharni bunchalik murakkab deb hisoblamagan edim. Avvalo, tarixiy shahar, boy tarixga, ilmli insonlarga ega. Boshqa tarafdan, Samarqandda juda uzoq tarixga borib taqaladigan muammolari ham bor ekan. Birgina kanalizatsiyani olsak, shahar aholisining 40 foizida kanalizatsiya yo‘q. Ichki yo‘llar, infratuzilma obektlari ahvolini ko‘rib o‘zim hayron qolganman.
Samarqand shahrini yaxshi bilmasligimni bilganimdan keyin shaharda maxsus kengash tashkil etdik. Shahar infratuzilmasi ahvolini yaxshilash bo‘yicha alohida dastur qabul qilindi. Samarqand arxitektura instituti olimlari bilan shahar arxitektura loyihalari bo‘yicha ish olib bordik.
Hozir shaharni ko‘rsangiz, ko‘p ko‘chalar qazib tashlangan. Bunga bir tomondan ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani ham sabab bo‘lgan. Ayniqsa, ijrochi ishboshilar saviyasi, ish yuritish qobiliyati ko‘p narsani hal etadi. Ayrim joylarni oylab kavlangan yotishi ham noto‘g‘ri, yoki muddatidan avval kavlab qo‘yish ham noqulaylik keltirib chiqaradi. Ya'ni ish qanchalik o‘rnida va to‘g‘ri tashkil etilsa, muammolar kam bo‘ladi. Ikkinchi tomondan, loyihada belgilangan grafik asosida ish olib boriladi va kishi ko‘ziga xunuk ko‘rinib kavlanib yotgan ko‘chalar bir-biri bilan bog‘liqligi bor.
Bundan tashqari, qurilishlar bo‘yicha ham muammolar yetarli. Samarqand shahrida hokim bo‘lib ishlagan o‘rinbosarlarimdan biri 183ta qarorga qo‘l qo‘yib ketgan. Bu qarorlarni shunchaki bekor qilib bo‘lmaydi, bu yerda tadbirkorning manfaati turibdi. Sud ajrimini kutishga 6 oy-1 yillab vaqt ketadi. Shu jarayonlar bo‘lib turgan paytda kimdir ijtimoiy tarmoqda noqonuniy qurilish bo‘lyapti, deb jar soladi.
Tuman va shaharlar hokimlariga aytganmizki, yer hech kimga berilmasin. Qaysi hokim yerni bergan bo‘lsa, o‘sha jinoyatchi. Chunki yer faqat auksion orqali sotilishi kerak. Shahar arxitekturasi inobatga olinmay auksionga chiqarilgan yer egalariga boshqa joydan yer taklif qilyapmiz. Agar noqonuniy egallab olingan bo‘lsa, sud qarori bilan bekor qilinadi.
– Samarqandda boshqa shaharlar kabi yo‘qotilgan yashillikni qaytarishga harakat bo‘lyaptimi? Shaharni yashillashtirishga munosabatingiz?
– Daraxtlarni kesishga qo‘yilgan moratoriy bejiz qabul qilinmadi. Rostdan ham ko‘p daraxt kesib yuborildi.
Samarqandda aeroportni kengaytirish jarayonida 5-10 daraxtni olishga to‘g‘ri keldi. Maxsus texnika olib kelib, ildizi bilan sug‘urib olib, boshqa joyga o‘tqazgandik. Yaqinda borib ko‘rdim, o‘sha daraxtlar hammasi ko‘karib turibdi. Buni nima uchun keltiryapman, tagidan kesmasdan shunday usullar bilan asrab qolsa bo‘lar ekan-ku.
Avval ham, hozir ham daraxtlar ekkanmiz, garchi qog‘ozda bo‘lsa ham. Endi boshqacha narsa so‘rayapmiz: “Nechta daraxt ekding?” emas, “Nechtasi ko‘kardi?” Chunki ekkan bilan uni ko‘kartirish boshqa-boshqa narsalar. Daraxtni sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘ymasa ko‘karmaydi.
Samarqanddan imom Buxoriy ziyoratgohigacha bo‘lgan yo‘l ikki chetida baland bo‘lib o‘sadigan daraxtlarni parvarish qilyapmiz. Ularni parvarish qilish, suv quyib turish uchun ishchilar ajratilgan. Biz avtoyo‘l qoshida ko‘kalamlashtirish boshqarmalarini tashkil etdik. Ular yo‘l yoqasidagi daraxt va butalarga javob beradi.
– Yo‘llar tirbandligi va jamoat transporti. Bu muammo Samarqandda qanday hal etiladi? Tramvay Samarqand shahriga kerakmidi?
– Qachon hamma, hatto mashinasi borlar ham avtobusga chiqadi? Qachonki, mashina egasiga avtobusda yurish mashinadan ko‘ra afzal bo‘lganda. Bunday bo‘lmas ekan, avtobusga faqat muhtojlar chiqadi. Bugun muhtojlar uchungina sharoit yaratib bersak, mashina egalari hatto avtobusga ham yo‘l bermay qo‘yyapti, avtobus yo‘li ham “probka”. Avtobuslarning sharoitlari, qo‘shimcha qulayliklari, o‘z vaqtida kelishi, haydovchining ko‘rinishi – bular butunlay boshqa masala.
Hozirgi kunda shunday masala qo‘yilyaptiki, avtobus o‘z yo‘nalishi bo‘yicha boshidan oxirigacha bir soatda borishi kerak bo‘lsa, yo‘lda hech qanday to‘siq bo‘lmasligi uchun imkoniyat yaratish shart.
Samarqand shahar transportini yo‘lga qo‘yish uchun rossiyalik mutaxassislar bilan ishlayapmiz. O‘zimiz bilamiz deb yurgan ekanmiz, hech narsa bilmasligimizni tushundik, hech qanday hisob-kitobsiz yurarkanmiz. Davlat rahbari ham ilmni ishlatinglar, mutaxassis olib kelinglar deya ta'kidlagandi. Rossiyadan kelgan mutaxassislarga o‘zimizning olimlardan, talabalardan ish o‘rganish uchun qo‘shdik. Hozirga kelib shahardagi transportlar oqimi to‘liq inventarizatsiya qilindi. Yaqin kunlarda o‘rganish natijalari asosida hokimiyat va vazir uchun prezentatsiya qilinishi kutilmoqda. Shundan keyin dastur asosida hayotga tatbiq etamiz.
Biz oldin bir ishni qilib, keyin loyiha qilardik. Marshrut liniyalarni ochishda ham shu marshrut kerak deyilardi, ruxsat berardik, lekin uning hisob-kitobi, uning yo‘lida qanday ishxonalar bor – bu narsalarni o‘rganib ko‘rmaganmiz.
Tramvayga kelsak, bu albatta Samarqandga kerak. Hozir buning ham o‘z yo‘lovchilari paydo bo‘ldi. Har kuni ertalab uyimning oldidan o‘tganda ko‘raman, odam to‘la bo‘ladi. Mutaxassislar tramvay bo‘yicha ham takliflar beryapti, ikki tramvay yo‘li o‘rtasida bekat qilish imkoni bor, bu ham ba'zi noqulaylik va tirbandlik oldi olinishiga sabab bo‘ladi.
– Yo‘llarda velosipedchilar va piyodalar uchun ham sharoitlar kerak.
– Hozir shahardagi yo‘llar kavlab tashlangan dedik, shu yo‘l qurilishlarining hammasi piyodalar va velosiped yo‘laklari bilan bo‘ladi. Bu ham biroz vaqtdan keyin ancha ko‘zga ko‘rinib qoladi.
Uyga ko‘pincha yayov ketaman. Samarqandga endi hokim bo‘lganimda Ulug‘bek ko‘chasidan uyga piyoda ketardim, bir amallab u yo‘lni to‘g‘rilab oldik. Keyin pastki tarafdagi ko‘chalardan yuradigan bo‘ldim. Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy ko‘chalaridan. Keyin Obodonlashtirish bilan u taraflardagi trotuarlarni ham to‘g‘rilab oldik. Bu masala boshqa joylarga ham asta-sekin yoyildi.
Men shaharning turli nuqtalarida ko‘pincha yayov yurishga harakat qilaman. Mahallalarning ichiga kiramiz, ko‘p narsani ko‘ramiz. Kabinetda o‘tirsangiz, hammayoq yaxshi bo‘lib ko‘rinadi-da.
Piyoda yursangiz, hamma narsani ko‘rasiz. Yuragingiz og‘riydi. Odamlarning uyiga kirsangiz, hayotni ko‘rasiz. Atrofimdagilarga aytaman: «Bir joyga uyga bor, sen go‘sht yeyayotgan bo‘lsang, bir hafta emas, bir oydan beri go‘sht yemagan oilalar bor. Hatto xolodilnigi ham yo‘q...»
Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.
Mavzuga oid
12:18 / 08.12.2024
Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
13:24 / 28.11.2024