Dastlab “Tillali” va “Sayxun” konlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi. “Tillali” konidagi konservatsiyadan qaytarish bo‘yicha ta’mirlash ishlari yakunlangan 3-sonli quduqni o‘zlashtirish ishlari o‘rganildi.
“Tillali” va “Sayxun” konlarida rejalashtirilgan yana 7 ta quduqni konservatsiyadan qaytarish tadbirlarini olib borish va ulardan qazib olinadigan tabiiy gazni “Beskala” gazni dastlabki tayyorlash qurilmasiga uzatish uchun 17 km uzunlikdagi gaz quvurini loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini boshlash bo‘yicha Ustyurt boshqarmasi rahbariyati hamda tegishli departament boshliqlariga ko‘rsatmalar berildi.

Ustyurt regionida uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish Dasturi doirasida olib borilayotgan burg‘ilash ishlarini nazorat qilish maqsadida, “Jagiz” maydonidagi 1-sonli, “Boylik” maydonidagi 1-sonli, “G‘arbiy Quyi Surgil” konidagi 3-, 4-sonli va “Quyi Surgil” konidagi 10-sonli izlov qidiruv quduqlarini burg‘ilash jarayonlari ko‘rib chiqildi.
O‘rganish jarayonlarida ushbu quduqlarda zaxiralarni o‘stirish borasidagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha tegishli mutaxassislarga vazifalar belgilab berildi.

“Quyi Surgil” konidagi 16-sonli quduqda, quduq tubini chuqurlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan murakkab ta’mirlash ishlari joyidan o‘rganildi. Shundan so‘ng “Quyi Surgil” konidagi 24-, 25 va 26-sonli ishlatish quduqlarini burg‘ilash ishlari bilan tanishib chiqildi.
Bundan tashqari, boshqaruv raisi burg‘ilash ishlarida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar bilan uchrashib, ular uchun yaratilgan sharoitlar borasida suhbatlashdi. Ustyurt regionida noqulay ob-havo sharoitida mehnat qilayotganlari, tabiiy gaz qazib chiqarilishidagi mashaqqatli mehnatlari uchun ularga minnatdorchilik bildirib, ular uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratilishi borasida fikr almashildi.

Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan kuz-qish mavsumida aholining tabiiy va suyultirilgan gazga hamda yoqilg‘i moylash mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilgani bo‘yicha hisobot berildi.
Xususan, boshqarmada 6 ta texnologik qurilma, 2 ta qozonxona, 15 ta qozon, 71 ta sig‘im, 4500 metr elektr tarmoqlari, 12 ta transformator podstansiyalari, 6 ta dizel elektr stansiyalarining ishchi holati, 10 ta uzluksiz elektr ta’minoti manbalari (UPS) ishchi holati, 11 ta zaxirani avtomatik ulash qurilmalari (AVR) ishchi holati va 2 ta gaz taqsimlash punktlari (GTP) tekshirilib, mavsumni betalafot o‘tkazish uchun choralari ko‘rilgan.








